Temurxo'ja Abduxoliqov: “Muborakda katta ishtiyoq evaziga g'alaba qozondik”

Aslanov Jasurbek
6 may 2021, 20:00
Xabaringiz bor, kecha O'zbekiston Superligasining 7-turidan o'rin olgan “Mashal” – “Lokomotiv” uchrashuvida mehmonlar yirik – 4:1 hisobida g'alaba qozondi.

Mazkur uchrashuvda “temiryo'lchilar”ning tajribali hujumchisi Temurxo'ja Abduxoliqov dubl qayd etib, g'alabaga katta xissa qo'shdi. Shu munosabat bilan o'yindan keyin u bilan suhbatlashib, bir nechta savollarga javob oldik. 

- Temurxo'ja, avvalo safarda qo'lga kiritilgan yirik hisobdagi g'alaba bilan tabriklaymiz. Aytingchi bu “Mashal” shu kuni kuchsiz o'yin ko'rsatganidan darakmi yoki “Lokomotiv” o'z o'yinini topib oldimi? 

- Tabrik uchun rahmat. “Lokomotiv” jamoasi futbolchilari shu kuni bosh murabbiy tomonidan berilgan ko'rsatmalarni aniq bajardi deb hisoblayman. Shuningdek katta ishtiyoq evaziga safarda muhim g'alabani qo'lga kiritdik. 

- O'yindan avval, hisob yirik ko'rinish olishini kutmagan bo'lsangiz kerak?

- Yo'q, bunday yirik hisobda g'alaba qozonishimizni kutmagandim. Chunki safarda bunday natija kamdan-kam xolatlarda uchraydi. 

- “Mashal” darvozasini ikki bor aniq nishonga olib dublga erishdingiz. Ko'rsatgan o'yiningizdan ko'nglingiz to'ldimi?

- Bundan ham yaxshiroq xarakat qilsam bo'ladi degan o'y xayollar har doim bo'ladi. 

- “Lokomotiv” ushbu g'alabadan keyin turnir jadvalida 4-o'ringa ko'tarildi. 1-o'ringa bo'lgan imkoniyatinglarni qanday ko'ryapsiz?

- Hozircha faqat keyingi o'yinlar haqida o'ylayapman. Bo'lajak uchrashuvlarga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rish va g'alaba qozonish muhim. Qolgan jihatlarga e'tibor qaratmayapman.

- Keyingi turda jamoangiz o'z maydonida “Metallurg”ni qabul qiladi. Yaqinda bekobodliklarda bosh murabbiy almashgach, o'yin uslubida ham o'zgarish kuzatilmoqda. Bo'lajak bahs haqida nima deysiz?

- To'g'risi oldindan bir nima deyish qiyin. “Metallurg”ni o'yinini ko'rish imkoni bo'lmadi hozircha. Har qanday vaziyatda “Lokomotiv” bo'lajak uchrashuvda o'z o'yinini ko'rsatishga xarakat qiladi.   

- Javohir Sidiqov “Mashal” darvozasi tomon belgilangan ikkinchi penaltini aniq amalga oshira olmadi. O'sha vaziyatda mas'uliyatni o'z zimmangizga olsangiz bo'lmasmidi?

- O'sha vaziyatda Javohir penaltini tepishni istab, to'pni so'raganida rozi bo'lib berdim. Gol urish nasib qilmagan ekan, shunday bo'ldi. 

- Kelasi safar yana shunday xolat takrorlansa mas'uliyatni bo'yningizga olishga tayyormisiz?

- Bilmasam. O'yindan oldin bosh murabbiyning ko'rsatmasiga ham qaraymiz. 

- Bu yil o'z oldizga nechta gol urishni maqsad qilib qo'ygansiz?

- Gollarim soni qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi.

- Sizningcha Mikael Sekeyra o'zbek futboliga qanday yangiliklarni olib kirmoqda?

- Taktika va Yevropa futbolini. 

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia