"Sho'rtan" yig'iniga "Bunyodkor", AGMK, "Navbahor" hamda "Buxoro"dan futbolchilar borib qo'shildi

Mirjalol Normatov
27 yanv 2022, 18:50
“Mashal” bilan o'tkazilgan nazorat uchrashuvidan so'ng (2:2), “Sho'rtan” jamoasi tayyorgarlik jarayonlarining ikkinchi bosqichini yakunladi.

Mazkur o'yindan keyin futbolchilarga bir necha  kunlik xordiq berilgandi. Endilikda “oq bo'rilar” mashg'ulotlarni 24 yanvardan G'uzordagi o'z qarorgohida davom ettirishmoqda.

Yangi mavsum uchun tayyorgarlik ayni qizg'in pallasida. Erkin agent maqomidagi futbolchilar iqtidorlarini namoyon qilgan holda futbol klublari orqali saralanib olinmoqda.

Ananaga sodiq qolgan holda “Sho'rtan” futbol klubi ham tayyorgarlik jarayonini boshlaganidan buyon asosiy e'tiborni malakali futbolchilarni saralab olishga va ularning jismoniy holatiga qaratgan.

Murabbiylar shtabi selekciya ishlarini davom ettirib, tarkibni shakllantirishga harakat qilishmoqda.

"Sho'rtan" safiga yana bir qator o'yinchilar kelib qo'shildi. Bular: Davron Isoqov - hujumchi  (“Buxoro”), Nodirbek Abduholiqov - qanot himoyachisi (AGMK), Farhod Imomov - himoyachi (AGMK), Abduvohid Sharipov - himoyachi (“Navbahor”) va Akobir Qayumov - darvozabon (“Bunyodkor”).

Reja bo'yicha, 29 yanvar kuni G'uzorning BO'SM maydonida  navbatdagi sinov nazorat uchrashuvi doirasida vakillarimiz Samarqandning “Dinamo” futbolchilari  bilan bahs olib borishadi.


O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: "Шўртан" матбуот хизмати