Saudiya Arabistoni chempionati. Chempionlik uchun ikkita jamoa kurashyapti

Xayrulla Xoliqov
2 apr 2019, 08:40
16ta jamoa qatnashadigan Saudiya Arabistoni Pro ligasida mavsum tugashiga besh tur qoldi.

Bu turda peshqadam o'zgardi. Shu paytgacha turnir jadvalida karvonboshilik qilib kelgan "Al Hilol" o'z o'rnini "Al Nasr"ga bo'shatib berdi. Bu jamoalarning o'zaro o'yinida "Al Nasr"ning qo'li baland kelib 3:2 hisobida g'alaba qozondi. 

Hozirda jamoalar o'rtasidagi farq bir ochkoni tashkil etyapti. Bu esa kurash oxirigacha qiziydi deganidir. Biz uchun tanish jamoalardan biri "Ohod" o'z maydonida "Al Shabab"ni qabul qilib 1:2 hisobida yutqazib qo'ydi. Umuman olganda bu jamoa Nesterov ketganidan beri bironta o'yinda g'alaba qozonmadi. Nesterov borligida esa ikkita uchrashuvda zafar quchgandi. 

"Lokomotiv"ning OCHLdagi raqibi "Al Ittihod" "Al Faysali" maydoniga safar uyushtirib 2:3 hisobida yutqazib qaytdi. "Al Ittihod" safida Maruan da Kosta bilan Garri Rodriges gol muallifi bo'lishdi. Shuni aytish kerak, kecha jiddaliklar Qirol Kubogida "Al Batin"ni 4:3 hisobida mag'lub etishdi. 

Peshqadam "Al Nasr" keyingi turni 4 aprel kuni "Al Raed"ga qarshi o'tkazsa, "Al Hilol" ham shu kuni "Al Hazm" mehmoni bo'ladi. To'purarlar ro'yxatida "Al Nasr" hujumchisi Abdurazzoq Hamdallah 22ta gol bilan birinchi o'rinda ketmoqda. Ikkinchi o'rindagi Leandre Tavamba ("Al Taavon") hisobida 19ta gol bor. 3-o'rinni esa "Al Hilol" forvardi Bafetimbi Gomis 17ta gol bilan egallab turibdi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia