Ro'ziqul Berdiev: "Biz kurashni mavsum oxirigacha davom ettiramiz"

Narzulla Saydullayev
5 okt 2013, 22:11
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida "Nasaf" jamoasi bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi. O'yin haqidagi fikrlarini bildirib savollarga javob berib o'tdi.

Ro'ziqul Berdiev: "Bugungi g'alaba bizga ruhiy tomondan ham juda kerak edi. Xabarlaringiz bor, o'tgan uchrashuvlarda ochko yo'qotdik, Kubok finalida ham maqsadimizga erisha olmadik. Ana shu muvaffaqiyatsizliklar o'yinchilarimiz ruhiyatiga juda katta ta’sir qilgan edi. Ularda tushkunlik kayfiyati vujudga kelgandi. Shuning uchun bugungi o'yin biz uchun juda muhim edi. Bugun ham kuchli raqibga qarshi to'p surdik, "Neftchi"dagi keyingi o'zgarishlardan so'ng, ularning o'yinida ham ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi, ular kombinacion o'yinlar tashkil qilishayapti, bularni hisobga olib, o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'rgan edik. Ammo bizda nafaqat ruhiy tomondan balki tarkibdagi yo'qotishlar ham qiyinchiliklar to'g'dirayapti. Bugun shuni alohida takidlardim, yigitlar barcha qiyinchiliklarga qaramasdan bugun juda katta iroda namoyish etishdi. Men ulardan juda minnatdorman. Ularga katta rahmat aytaman. "Neftchi" ham boshqa jamoalar ham bizga nisbatan Qarshida asosan himoyaviy o'yin namoyish etishadi. Bugun ham shunday bo'ldi. Yigitlar o'zlariga berilgan ko'rsatmalarni yaxshi bajarishdi va shuning evaziga g'alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik, hammalaringizni bugungi g'alaba bilan tabriklayman."


- Bugungi g'alaba keyingi o'yinlarda jamoa a'zolariga ruhiy tomondan ijobiy ta’sir ko'rsatadi deb hisoblaymiz. Kechagi "Lokomotiv" va "Paxtakor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida Murod Ismoilov "yuqori o'rinlar uchun kurashda bizning ham "Nasaf"ning imkoniyatlari tenglashdi",- dedi, bunga munosabatingiz qanday?

- Albatta har bir jamoa murabbiyi o'z fikriga ega, balki u o'z jamoasi imkoniyatlarini hisobga olib shunday fikr bildirgandir. Mening fikrimcha esa bizning imkoniyatimiz yuqori o'rin uchun kurashish ko'proq deb o'ylayman.Biz ulardan yana to'rt ochko o'tib ketdik. Bundan bo'yon ham har bir uchrashuvda qattiq kurash olib boramiz, biz chempionat oxirigacha bushashmaymiz.


- Bugun jarohat olib, maydonni tark etgan Erkin Boydullaev ahvolidian xabaringiz bormi?

- Afsuski, bugun asosiy tayanch yarim himoyachimiz Erkin Boydullaev jarohat oldi, uning jarohatini jiddiy deyishmoqda. Bu biz uchun yana katta yo'qotish. Nachora uning o'rniga endi zahiradan o'yinchi izlaymiz. Mana ko'rdilaringiz bugun uning o'rniga maydonga tushgan Ulug'bek Dadaboev yomon o'ynamadi, u endi 20 yoshga kirdi. Umid qilamanki, u Erkinni yo'qligini bildirmaslikka harakat qiladi.


- Bugun chiroyli g'alabadan so'ng, etiroz bildirish noo'rin bo'lsada. Afsonaviy hujumchimiz Zafar Xolmurodov go'yoki e'tibordan chetda qolmoqda, uni murabbiy o'yinchi sifatida maydonga tushirib, xayrlashuv uchrashuvini chiroyli tarzda tashkil qilish kerakmasmi?

- Rahmat, buni etiroz deb o'ylamayman. Zafar Xolmurodov bunaqa e'tiborga va hurmatga loyiq inson, uning jamoaga juda katta mehnati singan va "Nasaf"ning tarixida chuqur iz qoldirgan o'yinchi hisoblanadi. Buni klub rahbarlari bilan maslahatlashib, albatta tashkil qilamiz. Hozirgi kunda Zafar Xolmurodov mening eng yaqin yordamchim, u asosan hujumchilarimizga o'z tajribalarini o'rgatmoqda.


- O'rinbosarlar o'yinida pasayish sezilmoqda, bunga sabab nima?

- Bu savol menga emas deb hisoblayman, bu savolni jamoa murabbiyiga berish kerak. Ammo men ham buni sezayapman. Bundan achinaman, bu bilan albatta qiziqib, vaziyatni unglashga yordam qilamiz.


- Har doim "Nasaf" mavsum boshida yaxshi o'yin ko'rsatib, mavsum oxirida ko'zlangan maqsadga erisha olmay qolamiz.

- Nazarimda Kubok finalidagi mag'lubiyat  haqida gapirayapsiz, bilasizmi? Saviya jihatdan "Bunyodkor" jamoasiga tenglasha olmaymiz. Bunda katta farq bor. Ularda juda katta tajribaga ega o'yinchilar yig'ilishgan. Ammo bizda Shoxruhning va Shuhratning yo'qligi o'yinimiz tezligiga katta salbiy ta’sir ko'rsatdi. Agar ular jamoada bo'lishganida biz maqsadga erishgan bo'lardik. Yana mana shunaqa yosh o'yinchilar bilan Kubok finaliga chiqishni ham o'zi bo'lmaydi. Mayli bu yil bo'lmasa kelasi yil yana urinib ko'ramiz. Kurash davom etaveradi.

Hozir Shuhrat Muhammadiev mashg'ulotlarga qaytdi. Shuningdek Jahongir Jiyamurodov ham Kenja To'raev ham o'yinga qaytdi, ular o'rinbosarlarimizga yordam berishayapti. Asta sekin asosiy tarkibga qo'shib olamiz. Afsuski, Shoxruh Gadoev haqida bunday deya olmayman. Uni maydonga tushishiga hali vaqt kerak.

Matbuot anjumani haqidagi hisobot "Nasaf" PFK matbuot xizmati yordamida tayyorlandi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: voha.uz