"Qizilqum": "Ertaga "Olmaliq" bilan o'yin"

Narzulla Saydullayev
4 fev 2014, 22:26
Yangi mavsumga dastlabki tayyorgarlik bosqichlarini olib borgan Qizilqum jamoasi a'zolari 4 fevraldan o'quv-mashg'ulot yig'inini Toshkentda davom ettirmoqda.
Rejaga ko'ra, konchilar uchun mazkur yig'in hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Navoiyda o'tgan dastlabki yig'inlarda ko'proq futbolchilarning jismoniy tiklanishiga e'tibor qaratilgandi. Toshkentda esa  bosh murabbiy Yuriy Lukin jamoa tarkibi va o'yin amaliyotini shakllantirishni ko'zlagan.
 
Shu bois, navoiyliklar poytaxtda o'tadigan yig'in davomida bir qator sinov-nazorat uchrashuvlarida maydonga tushadilar. Jumladan, Qizilqum futbolchilari ilk o'rtoqlik o'yinini 5 fevral kuni Olmaliq jamoasi bilan o'tkazadi. Uchrashuv soat 11.00 da sun'iy qoplamali Chilonzor futbol maydonida boshlanadi.
 
Shuningdek, konchilar 7 fevral kuni Buxoro, 9 fevralda esa Oq-tepa vakillari bilan kuch sinashadi.
 
Qizilqum futbol klubi rahbariyatining bildirishicha, mazkur yig'inda bir qator legioner va yangi o'yinchilar murabbiylar ko'rigidan o'tishi ko'zda tutilgan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz