O'zbekiston MTJ sobiq futbolchisi ustidan jinoiy ish qo'zg'atildi

Tolibjon Qosimov
14 avg 2024, 13:34
Joriy yilning 11 avgust kuni Chilonzor tumani "Bunyodkor" stadionida "Bunyodkor" - "Andijon" jamoalari o'rtasida futbol uchrashuvi bo'lib o'tdi.

"Andijon" futbol klubi a'zosi Marlen CH. stadionning VIP bo'limida o'yinni tomosha qilgan. Uchrashuv yakunlanganidan so'ng, soat 22:05 da futbolchi VIP bo'limi orqali ichkariga kirishga uringan. Maxsus ruxsatnomaga (beydjik) ega bo'lmagan fuqarodan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi uning qaerga ketayotganligini, chiqish uchun boshqa yo'lakdan foydalanishi zarurligini aytgan. Ammo fuqaro Marlen CH. harbiy xizmatchining qonuniy talablariga bo'ysunmasdan, xizmat faoliyatiga qarshilik ko'rsatib, uning yuz qismiga qo'li bilan bir marotaba urib, tan jarohati etkazgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli futbol muxlislari, o'yin davomida Sizlardan, Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari hamda stadion mamuriyati talablarini bajarishingizni so'rab qolamiz. Faqat shundagina Sizning xavfsizligingiz taminlanishi mumkin.


Eslatib o'tamiz, markaziy himoyachi Marlen Chobanov 2021 yilda Srechko Katanets tomonidan O'zbekiston MTJning yig'iniga chaqirilgan.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: t.me/milliygvardiya_toshkentshahar