

Bilamizki, mavsum yakunida doimgidek eng yaxshi to'purar futbolchilar aniqlanadi. Bunda asosan mahalliy futbolchilarimiz etirof etiladi. Ammo, avvalgi yillarda xorijlik to'p teparlar ham goledorlik xislatlarini namoyish eta olishdi. Quyida bu haqida batafsil so'z yuritamiz.
Rivaldo – O'zbekiston chempionatlari tarixidagi birinchi xorijlik futbolchi hisoblanadi. Braziliyalik futbolchi Bunyodkordagi ikkinchi mavsumida to'purar maqomini olishga erishdi. 2009 yil yakunida 20ta gol bilan to'purarlar qatorida birinchilardan bo'ldi. Mahoratli Rivaldo klubdagi faoliyati davomida 80ta uchrashuvda maydonga tushgan. Umumiy hisobda 6877 daqiqa faol to'p tepgan va darvozalarga 43ta to'p kiritgan.

Milosh Trifunovich – Galdagi xorijlik to'purar ham Bunyodkor jamoasida harakat qilgan. Orada avlodlar almashinuvini o'tkazgan poytaxt klubi 2011 yildan chempionatdagi zafarli yurishini davom ettiradi. Tarkibga serbiyalik tajribali hujumchi, Crvena Zvezdadagi o'yinlari bilan tanilgan Milosh Trifunovichni katta maqsadlarda taklif qiladi. Futbolchi esa bildirilgan ishonchni to'liq oqlaydi. Yakunda 17ta gol bilan mavsum to'purariga aylanadi. 36ta bellashuvda jami 22ta gol uradi.

Oleksandr Pishur – Ukrainalik futbolchi Bunyodkordagi ikki yili mobaynida sermahsullik qayd etadi. 69 uchrashuvda 34ta gol urgan futbolchi, 2013 yilgi Oliy ligada 19ta to'p bilan to'purarlar qatorini boshqaradi.

Artur Gevorkyan – Nasaf tarkibida OFK kubogi sohibi bo'lgan turkmanistonlik Artur Gevorkyan 2013 va 2014 yillarda ushbu jamoaning tom manodagi yetakchisi bo'lgandi. 2014 yilda futbolchi nafaqat ajdarlarning balki, chempionatimizda ham eng ko'p gol urgan futbolchi sifatida tarixga kiradi.

Tiago Bezerra – Oraliqdagi katta tanaffusdan so'ng Superligada yana bir braziliyalik futbolchi to'purarlar qatoridan joy oldi. Paxtakor futbolchisi Bezerra so'ngi turda Bunyodkor darvozasini uch bor ishg'ol qilib amalda 17ta to'p bilan mavsumni yakunlaydi. Ushbu futbolchi Rivaldodan so'ng chempionatimizda to'p tepgan eng yaxshi braziliyalik o'yinchi deya olamiz.

Dragan Cheran – Mazkur futbolchi 2016 yilning ikkinchi yarimida Nasafjamoasi safiga qo'shildi. Qarshidagi paytida goleadorlik xislatlarini namoyon qilgan futbolchi Paxtakorda ham muvaffaqiyatli davom ettirdi. 2019 yil Superligada 23ta gol urgan Cheran chempionat to'purariga aylandi.

Abdulaziz Iskandarov tayyorladi


