Odil Ahmedov: "Pley-offda kimga qarshi o'ynashimizning farqi yo'q"

Narzulla Saydullayev
14 yanv 2019, 01:37
Terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov Turkmanistonga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"To'g'risi, bunchalik oson g'alaba qozonamiz deb o'ylamagandim. 90 daqiqa davomida tashabbus biz tomonda bo'ldi. Keyingi bosqichga chiqqanimizdan judayam xursandmiz. Navbatdagi uchrashuvlarda ham yaxshi o'yin namoyish etib, muxlislarni xursand qilamiz.

O'yin oldidan Markaziy Osiyo derbisi ekanligini, g'alaba zarurligini tushunib turgandik. Uchrashuvga o'zimizni tayyorlab, tezkor gol kiritishni maqsad qilgandik. Dastlabki goldan so'ng yana raqiblar darvozasini ishg'ol qilishga harakat qildik. Bunga erisha oldik.

Keyingi bosqichdagi raqib? Oldimizdagi vazifa - har bir o'yinda g'alaba qozonish. Shuning uchun, hozircha faqat Yaponiya terma jamoasi haqida o'ylayapmiz.

Osiyo chempionatida guruhdan kuchsiz jamoa chiqmaydi. Shuning uchun, har bir raqibga qarshi o'ynashga tayyormiz. Kimga tushishni farqi yo'q", - dedi Odil Ahmedov.




O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia