

"RMC Sport" xabariga ko'ra, Madridning "Real" klubi va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappening sport anjomlari ishlab chiqaruvchi Nike bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yozida yakunlanadi.
Manba ma'lumotlariga qaraganda, Amerika kompaniyasi futbolchi bilan hamkorlikni davom ettirishni rejalashtirmoqda va buning uchun zarur resurslarni izlash ishlarini boshlagan.
Nike’dan tashqari, Mbappe bilan shartnoma tuzishga boshqa yirik sport kiyimlari brendlari - Adidas va Under Armour ham qiziqish bildirmoqda. Germaniyaning Adidas kompaniyasi "Real"ning texnik homiysi hisoblanadi, bu esa "qaymoqranglilar" hujumchisi bilan hamkorlik qilishga bo'lgan qiziqishni izohlaydi.
Qayd etilishicha, Mbappe bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokaralar bilan bir vaqtda, Nike PSJ vingeri Dezire Duega ham qiziqish bildirmoqda. OAV ma'lumotlariga ko'ra, fransiyalik futbolchi hozircha biror ekipirovka ishlab chiqaruvchi bilan amaldagi shartnomaga ega emas va tijoriy faoliyatlardan chetda turibdi.
Avvalroq Mbappe Ronalduning rekordini takrorlagan edi.



