Mourinyo APLga qaytdi! Endi buyog'i anchagina qiziq bo'ladi

Mirjalol Normatov
20 noya 2019, 13:55
Angliya jurnalistlari taxminan 1 haftadan buyon Mourinyoning "Tottenxem"da ish boshlashini gapirishayotgandi.

"Tottenxem" ham uzoq kutib o'tirmadi. Barcha mish-mishlar haqiqatga olib bordi va Mourinyoning tayinlanuvi e'lon qilindi.

"Tottenxem" Pochettinoni YCHL finaliga olib chiqqan murabbiy emas, jamoani 14-o'ringa tushirib yuborgan murabbiy sifatida ishdan bo'shatdi. Umuman olganda, mantiqan to'g'ri qaror.

Xo'sh, APLning 3 karra chempioni Londonning hozirgi paytdagi ham qahramoni "Tottenxem"ga nimalar bera olishi mumkin? Keling, bu borada biroz fikr yuritamiz.

G'OLIBLIK RUHI

Yaxshi ko'rasizmi yoki nafratlanasizmi, baribir Mourinyo g'alaba qozonish yo'llarini biladi. Portugaliyalik mutaxassis "Portu"da o'z nomini tanitganidan beri 25ta sovrinni qo'lga kiritdi.

"Portu", "Chelsi", "Inter" va "Real" kabi jamoalar bilan u sovrinlarga seriyali tarzda ega chiqaverdi. "Neradzurri"lar bilan trebl qayd etgandi. Unchalik kuchli bo'lmagan jamoalar bilan ikki bora YCHL g'olibligiga erishdi.

London jamoasi bilan chempionlik, "Yunayted" bilan esa Yevropa ligasi, Angliya Kubogi va Superkubogi kabi sovrinlarni qo'lga kiritdi. Qayd etish kerak, u ushbu sovrinlarni Angliyaning turli jamoalari bilan ega chiqqan ilk murabbiyga aylandi.

TAJRIBA

Mourinyoning futbolchilik faoliyati juda yomon o'tgan. Endi esa 19 yillik murabbiylik faoliyati davomida o'zi futbolchilikda qilmagan tajribalarni amalga oshirdi. Mislsiz to'plangan tajribalar esa uni dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biriga aylantirdi.

Aslida, undagi qatiyat, futboldagi o'ziga hos qarashlariga ega bo'lishi va boshqalardan "ko'chirmakash"lik qilmagani ham uni mashhurlik tomon etakladi. Futbolda Ronaldu bo'lsa, murabbiylikda Mourinyo.

Uning murabbiylikdagi ilk qadamlari "Benfika" va "Leyriya"da tashlangandi. Keyingi ilk katta qadam esa "Portu"da bo'ldi. "Chelsi", "Inter", "Real" va "Yunayted"da ishlash uchun esa shunchaki daxshatli murabbiy bo'lish kerak. 4 dekabrda u boshchiligidagi "Tottenxem" sobiq jamoasi "Manchester Yunayted" bilan o'ynaydi. Bunga ham oz vaqt qolmoqda.

U barcha jamoalar bilan yuqori natijalarga erishdi. Uning faoliyatiga nazar tashlaydigan bo'lsak, juda ko'plab muhim o'yinlarda qatnashdi: YCHL finallari, Londonning birinchisi bo'lish uchun kurash, Milan va Manchester derbilari, "El Klasiko" va "Derby d'Italia". Olingan katta tajriba "Tottenxem"da ham asqotishi shubxasiz.

HIMOYADAGI BARQARORLIK

Ekspertlar va muxlislar so'nggi yillarda Mourinyoning uslubi, himoyadagi nomutanosiblik va avtobusning qo'yilishi tufayli kulishayotgandi. Biroq Mourinyoning uslubi anchagina omadli bo'lib chiqmoqda. "Chelsi"dagi Jon Terri va Rikardo Karvalyu, "Inter"dagi Lusio va Valter Samyuel yoki "Real"dagi Serxio Ramos va Pepe tandemi doimo murabbiyning asosiy qurollaridan biriga aylangandi.

Mourinyoning "Chelsi"dagi 2004/05 yilgi mavsumdagi himoyaviy o'yini hali ham muxlislarning yodida. Jamoa 38 o'yinda atigi 15 gol qo'yib yubordi va bir bora mag'lub etildi. Keyingi mavsumda esa 22 gol qo'yib yuborildi. Mourinyoning "Inter"i esa o'z tarixida bir chempionatda o'z darvozasidan eng kam gol olib chiqqan mavsumga aylandi - 34 gol. 2011-12 yillari u boshqargan "Real" miks uslubda harakat qildi va bir mavsumning o'zida 121 gol kiritdi va 32tagina gol qo'yib yubordi. Shu orqali jamoa "Barselona"ning gegemonligiga bir mavsum barxam bera oldi.

Endi esa u Yan Vertongen, Tobi Alderveyrld hamda Devinson Sanches kabi variantlardan foydalanishi mumkin. Himoyaviy o'yin bo'lsa Tanguy Ndombele va Xarri Uinks kabi futbolchilarni ham e'tibordan chetda qoldirib bo'lmaydi. Agarda Mourinyoning uslubi bo'lganida jamoa "Bavariya"dan 7 gol qabul qilib olmasdi.

KIM ASLIDA KIM EKANLIGINI KO'RSATISH PAYTI KELDI

"Tottenxem"da ish boshlash Mourinyo uchun muhim qarorlardan biri bo'ldi. Odamlar uning mahorati va ko'plab jihatlariga shubxa bilan qarashni boshlashgandi. "Yunayted"da u o'zining eng qimmat transferi bo'lgan Pogba bilan kiyinish xonasi uchun kurash olib borishgandi.

Mourinyo "Orzular teatri"ga og'ir kunlarda kelib, Lui van Galning o'rnini egallagandi. Biroq jamoaning ichki holati va o'sha paytda "Manchester Siti" va "Liverpul"ning kuchayib ketganini ko'rib, muxlis-u mutaxassislar bosh murabbiyni tanqid qilishgandi.

Agarda qaysar Mourinyoning harakatlari va gaplariga Son Xen Min, Lukas Moura, Jovanni Lo Chelso va Kristian Eriksen kabilar chiday olishsa, murabbiy bu jamoa bilan yaxshi natijalarga erisha olishi va oldidagi barcha tanqidlarni olib tashlashi mumkin.

DRAMA VA YUK

Mourinyo qaysidir shahardami, demak, undan qandaydir sarguzasht kutavering. Uning har bir qadami shunchalar dolzarbki, odamni zeriktirmaydi. Klopp va Gvardioladan farqli ravishda uning hayoti ham faoliyati kabi anchagina zalvorli. U "Yunayted"dan ketganida o'zidan keyin anchagina ko'p yodda qolarli xotiralarni tashlab ketdi.

"Yunayted"da ishlayotganida uni matbuot katta tanqid ostiga oldi. Mourinyoning har bir gapi muhokama qilindi. Oqibatda u shunday personaga aylandiki, futbol va muxlislar uni sog'inadigan bo'ldi va Mourinyo shu yuk ostida yashadi.

2011 yilgi voqeani esga olaylik. "El Klasiko" o'sha paytlari futbol emas, yakkakurash sport turiga aylanib borayotgandi. O'yin vaqtida urush chiqib ketgan vaqtda Mourinyo "Barselona" bosh murabbiyi Tito Vilanovaning oldiga borib, ko'ziga barmoqlarini tiqib olgandi.

Biz juda ajib zamonda, Ibragimovich, Ronaldu, Messi kabi futbolchilarning davrida yashamoqdamiz. Futboldagi to'rtinchi buyuk persona esa ayni damda Mourinyo bo'lib turibdi. Ularning tirik o'zini, o'yinlarini ko'rishimiz, har bir gaplaridan zavq olishimiz mumkin. Endi esa futbolda eski eraning qayta jonlanishini kuzatmoqdamiz. Har holda Pochettino-Gvardiola, Pochettino-Klopp qarama-qarshiligidan ko'ra, Mourinyo-Gvardiola, Mourinyo-Klopp qarama-qarshiligi biroz qiziqroq.

Mourinyo kabi millionlab personal muxlisga ega murabbiylar juda kam, balki noyob desak ham bo'ladi. Mourinyoparastlar ham bordir, huddi Ronalduchilar kabi. Nima bo'lganda ham u Londonga, yani, o'z uyiga qaytdi. APL esa yana muxlislarni o'z e'tiboriga tortishda davom etadi! Sizlar esa syurprizlarga tayyor turing!

Mirjalol Normatov tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: sportskeeda.com