

Kechagi o'yinlardan so'ng jamoa murabbiylari o'z fikrlarini bildirib o'tishdi.
Ahadjon Yusupov (Lokomotiv futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Raqib jamoa o'zi sodir etgan xavfli vaziyatlardan 90% dan foydalana oldi, bizda esa bu ko'rsatkich 20-30% ni tashkil etdi. Omadga ham bog'liq, bizdan omad yuz o'girdi. Chempionatimizdagi ilk ochko yo'qotish, birinchi davraning so'nggi uchrashuvlaridan birida mag'lubiyatga uchradik. AGMK vakillari chiroyli va tartibli o'yin namoyish eta olishdi, ularni tabriklayman. Nasafga qarshi faqat g'alaba uchun maydonga chiqamiz, aks holda qiyin vaziyatga tushib qolishimiz hech gap emas.

Aleksandr Petrov (AGMK futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- O'yin borasidagi tafsilotlarimiz yoqimli, negaki joriy yilgi chempionatda hali biron marta kuragi erga tegmagan Lokomotiv ustidan g'alaba qozondik. Buning uchun jamoamiz a'zolaridan minnatdorman. Ular bergan topshiriqlarimizni bekamu ko'st bajarishdi, olg'a intilishdi, kurashishdi va yakunda g'alaba qozonigshdi. Bu esa turnir jadvalining birinchi pog'onasiga ko'tarilib olishimizga turtki bo'ldi.
Lokomotiv qiyinchilikka uchradi. Asosan uch-to'rt nafar futzalchisi jamoani tortib keta oladi. Qolganlari hali yosh, zaxira o'rindig'i ham to'liq emas. Shunga qaramay maydonda jiddiy qarshilik ko'rsatishdi, xavfli vaziyatlar ham ikkala jamoa tomonidan deyarli bir xil ko'rinishda bo'ldi. O'yinimiz muxlislar olqishiga sazovor bo'ldi deb ayta olaman.

- Dilshod Xaydarqulov (Dinamo futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Uchrashuvning dastlabki o'n daqiqasi biz uchun nihoyatda qiyin o'tdi. Tezkor ikkita gol o'tkazib yuborganimiz uchun bizga qimmatga tushdi. Tarkibimiz asosan yosh yigitlardan iborat, demak tajriba ham shunga mos. Har qanday holatda ham bu yil Oliy ligadagi o'rnimizni saqlab qolishimiz zarur. Buning uchun borini berishga tayyormiz.

Shuhrat Tashmedov (Paxtakor futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Raqib samarqandliklar aslida oldindan kuchli sanalib kelingan, hozir ham shunday. Tarkibi ancha yoshargan, bir so'z bilan aytganda jamoaning kelajagi bor.

Farruh Zokirov (Neftchi futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- O'yin qiziqarli, teng kurashlar ostida o'tdi. Sababi, har ikkalasi ham bir-biriga munosib jamoa. Qaldirg'ochlar bosh murabbiyi Abdulla Bo'riev ajoyib jamoani shakllantirgan. Ancha-muncha raqibga nisbatan munosib o'ynay oladi. Ushbu bahsda shogirdlarim hatti-harakatidan ko'nglim to'ldi, ayniqsa darvozabon Elyor Domlaev bir qator golli vaziyatlarda o'z darvozasini qo'riqlay oldi.

Abdulla Bo'riev (Bunyodkor futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Kechagi va bugungi o'yinni taqqoslasak , bugungisi kechagisidan ham qiyinroq kechdi. Neftchi bugun har tomonlama ustunliqni qo'lga oldi. Maydonning har qarichida biz mag'lubiyatga uchradik. Neftchi haqli ravishda g'alabaga erishdi.

Abdujabbor G'affarov (Maksam-Chirchiq futzal jamoasi bosh murabbiyi):
- Kechagi xatolardan xulosa chiqara oldik. Navbahor ham kuchli futzal klublardan biri, ularga qarshi biznikilar ham o'z kuchini ko'rsata oldi. Vaholanki, namanganliklar yetakchi klublardan biri. Ko'pchiligi yoshlar, yoshlar esa tezkor va chaqqon. Bugun himoyaviy uslub ishlatdik, asosan qarshi hujumlarga e'tiborni qaratdik. Mehnatlarimiz uvol kyetmadi.

Xurshid Tojiboev (Navbahor jamoasi bosh murabbiyi):
- Raqibimiz chempionatimizning yetakchilaridan hisoblanishadi. Tarkibi tajribali va asosan yoshlar terma jamoasidan jalb etilgan. Aslida maydonga faqat va faqat g'alaba uchun tushgan edik. Lekin buning aksi bo'ldi. Yigitlarim astoydil harakat qilishdi, ammo yakunda baribir mag'lub bo'lishdi.




