Kerrik uchun ikkinchi imtihon va Italiyadagi top o'yinlar

Omonjon To`xtamirzayev
24 yanv 2026, 17:00
Qish, yurtimizda havo sovuq, lekin top chempionatlarning "qaynoq" uchrashuvlari davom etadi.

Demak, e'tiboringizni uik-endning eng muhim uchrashuvlariga qaratamiz!


"Arsenal" - "Manchester Yunayted"

Angliyada 23-turning markaziy bahsida "Arsenal" va "Manchester Yunayted" o'zaro kuch sinashadi. "Kanonirlar" 2004 yildan beri ilk bor Angliya chempioni unvonini qo'lga kiritishlari mumkin. Asosiy raqobatchilar - "Manchester Siti" va "Liverpul"da - mavsum ancha og'ir kechmoqda, "Arsenal"ga ham so'nggi paytlarda stabillik pand berayotgandek. Mazkur bellashuv chempionlik masalasida intrigani keskin oshirib berishi yoki "Arsenal"ni sovrin tomon yo'lini sezilarli darajada ochib beradi.

"Manchester Yunayted" yangi bosh murabbiyi Maykl Kerrik bilan o'tgan turda kutilmagan natija sovg'a qila oldi - derbida "Manchester Siti" mag'lub etildi (2:0). "Qizil iblislar" yana barchani hayron qoldirishning uddasidan chiqa olarmikan? O'yin 25 yanvar oqshomida bo'lib o'tadi. "Arsenal" 50 ochko bilan yetakchi, "Manchester Yunayted" esa 35 ochko bilan hozircha beshinchi o'rinda bormoqda.


"Roma" - "Milan"

Italiyada bir yo'la ikkita afishabop o'yin bizni kutib turibdi. Ulardan biri - Rim va Milan to'qnashuvi. Chempionatda skudetto uchun kurashning asosiy qismi hali oldinda. Roma va Milan o'yini esa mana shu kurashda muhim faktorlardan biri bo'lishi mumkin. 

Mazkur o'yin ham 25 yanvar sanasida, aniqrog'i 26-ga o'tar kechasi 00:45da boshlanadi. "Milan" chempionatda yetakchi "Inter"dan 3 ochkoga ortda qolmoqda. Rimliklar esa 4-o'rinda va Milan shahri jamoalaridan 7 hamda 4 ochkoga ortda qolmoqda.


"Yuventus" - "Napoli"

Turning ikkinchi e'tiborga loyiq bahsida "Yuventus" va "Napoli" ro'baro' keladi. Neapolliklar 9-o'yinlik mag'lubiyatsiz seriyada ketmoqda va jadvalda uchinchi o'ringa chiqib oldi. "Yuventus" ham yaxshi sport formasida - "keksa sinora" barcha musobaqalardagi oxirgi 9 o'yinda bor yo'g'i 1 marta mag'lubiyat alamini totishga majbur bo'ldi. Chempionatda klub 5-pog'onani band etib turibdi, "Napoli" bilan farq 4 ochko.


"Real" - "Vilyarreal"

Ispaniyada ham sovrin uchun kurash hal qiluvchi pallasiga yaqinlashmoqda. O'tgan turda "Barselona" imkoniyatni boy berdi va oradagi farq ancha qisqardi. Madridning "Real" klubi azaliy raqibidan atigi 1 ochkoga ortda qolmoqda. 25 yanvar kuni bo'lib o'tadigan "Vilyarreal"ga qarshi bahs juda ahamiyatli ekanligini madridliklar ustozi Alvaro Arbeloa ham ta'kidladi. "Qaymoqranglilar" Xabi Alonso iste'fosidan keyin asta-sekin o'ziga kelayotgandek.

Vilyarreal chempionat g'olibligi uchun kurashda soyadagi qahramon bo'lishi mumkin. Klub uchinchi o'rinni egallab turibdi, madridlilkar bilan farq 7 ochko, "Barsa" bilan esa - 8, o'z navbatida Marselino jamoasi zaxirasida bitta o'yin bor.


"Marsel" - "Lans"

"Lans" Fransiya chempionatida qatorasiga 8 bor g'alaba qozondi va 43 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. PSJ bir ochko orqada. "Marsel" hisobida 35 ochko bor va jamoa 3-o'rinni egallab turibdi. 

Birinchi davrada "Lans" 2:1 hisobida zafar quchgan edi. Chempionat yetakchisi joriy mavsum eng kam to'p o'tkazib yuborgan jamoa sanaladi (13), "Marsel" esa aksincha, eng ko'p gol urgan klub (41 ta gol). 

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia