Kechagi va bugungi o'yinlarga "ichidan" munosabat

Nadirkhuja Yuldashev
21 iyun 2020
Kechagi taxminlarim deyarli to'g'ri chiqdi, biroq Lokomotiv bunchalikka boradi deb o'ylamagandim.

Lokomotiv 2011-13 yillardagi Paxtakor, 2018-19 yillardagi Bunyodkorni eslatyapti. Jamoada pul qolmaganida, Paxtakor va Bunyodkor majbur o'yinchilarni sotib yuborgan, hech kim o'zi kyetib qolmagan. Chunki ularning ko'pchiligi, shu klubning haqiqiy a'zolari edi. Lokomotiv esa yillar davomida mana shu tizimni yaratmadi. Pul tortilib qolgach, tabiiyki yetakchilar ketdi. O'rinbosarlardan esa kuchli o'yichi chiqib kelmadi. Paxtakor va Bunyodkor, o'tgan yili Nasaf shunday holatda, o'z tarbiyalanuvchilarining evaziga qiyinchilikni engib o'tgandilar.


Lokomotiv hozir yoshlarga qaray boshladi. Buning natijasi bugun erta ko'rinmaydi. Kamida 5-6 yil o'tishi kerak. Shuning uchun Lokomotivda bu yil yana avvalgidek moliya bo'lmasa, keyingi ikki yilda "temiryo'lchilar"ni o'rtamiyona jamoa sifatida ko'ramiz.


Navbahor esa ishonchli g'alabani qo'lga kiritdi. Lekin klub bundan ham yaxshi o'ynashi mumkin, nimadir yetishmayapti. Ayniqsa, himoyadagi pala-partishlik katta o'yinlarda pand berishi mumkin. Nasaf bilan o'yin misolida buni ko'rdik, bu ko'proq murabbiyning xatosi. So'g'diyona, aksincha, aynan himoyada aqlli o'ynayapti. Avtobus qo'yishda ham, qo'yish bor. Baqoev har bir o'yinchisini zonalarga to'g'ri taqsimlay olyapti.


Surxon maqsadini tushunib olish kerak? Maqsad, agar Surxondaryoga katta futbolni qaytarish bo'lsa, mahalliy tarkib bilan ham shunday natija qilsa bo'ladi, sal ishlov berib. 12-o'rinni olding nima-yu, 5ni olding nima? Bari bir OCHLga yo'llanma bermasa! 3 yildan beri tarkib o'zgarishda davom etadi. Anji Moskvada yashab, faqat uy o'yinlari uchun Mahachqalaga borardi. Surxon ham Toshkentni baza qilib, Termizga o'yin uchun bordi. Nima keragi bor, ortiqcha sarf xarajatni? Superligaga berilgan yo'llanmadan unumli foydalanib, hech bo'lmasa doimiy ravishda o'rtamiyona bo'lib yurish kerak. Buning uchun poydevor qo'yish lozim. Surxondaryo futbolchi tanqis yurt emas, afsonalar shahri.



So'g'diyona ishonchni oqlashda davom etyapti. Jasur Hasanov ikkinchi yoshligini o'tkazyapti. Hech qarimaydigan, eski sifatli o'yinchilardan. O'zbekiston chempionatida qolgan so'nggi futbolchi. Ayni paytda, faqat Jaloliddin Masharipov qanotdan u kabi sifatli pas bera oladi. Agar 26-27 yosh bo'lganida, bugungi futbol agentliklari rivojlanayotgan paytda, u Qatardan ham ko'ra kuchliroq ligaga yo'l olardi.



Buxoroda eshitishim bo'yicha taxt uchun kurash. Bu eng yomoni. Amirlar yurtida, endigi nishon klub. Alisher akaga imkoniyatni berish kerak. Paytida natija qildi, ammo katta byudjet bilan 3-o'rinni ololmaganligi uchun bo'shatishgandi. Mana yana klubga qaytdi, ammo uni yo'q qilishmoqchi. Bundan keyin futbolda katta pul bo'lmaydi, endi kim menedjementni tushunsagina muvaffaqiyatga erishadi.


Bugungi o'yinda esa shubhasiz Metallurg favorit, 3 yildan beri AGMK kabi toblandi. Har qanday klubning toblash uchun kamida 3 yil kerak. Metallurg va AGMK aynan o'sha maromiga chiqyapti. AGMK bu kyetishda keyingi yil aniq uchlikka kiradi, balki kumush medalni oladi. Metallurgda esa bu yil OCHLga chiqish uchun imkoniyat katta. Shipilovni juda zo'r murabbiy demayman, ammo u tarkibni bir xilda shakllantira olishi uchun, murabbiyga kerak bo'lgan muhim narsa, vaqtga ega bo'ldi. Boshqa klublar ham shu narsani tushunib etsalar bo'lardi, natija talab qilishdan avval.


Andijonga kuchli menedjer kerak. Buni ko'p marotaba aytib kelganman. Andijon hokim namanganlik hamkasbi kabi, e'tiborni poydevorga qaratsa, Andijondan yana Hamidullaev chiqadi.


Bugun Mashal - Nasaf o'yinida Ro'ziqul Berdievning imkoniyati yuqori. Mashal himoyaga e'tibor qaratsa kerak.


Bu ikki o'yin haqida ertaga to'xtalib o'taman.


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia