"Istiqlol" stadioni suxandoni provokacion e'lonlar berdi, "Dinamo" stadioni texnik hududiga begona shaxslar kirdi, Vladimir Bubanya mikst-zona masalasida komissarga etiroz bildirdi - Liga komissarlari bildirgisi

Sherzod Nurmatov
22 avg 2025, 14:30
PFL matbuot xizmati 10-18 avgust kunlari bo'lib o'tgan Superliga 18-19-turidan keyin Liga komissarlari yozgan bildirgilarni taqdim etdi.

18-tur. "Neftchi" – "Nasaf"

"Neftchi" jamoasi matbuot kotibi ogohlantirishlarga qaramay, Liga tomonidan ro'yxatdan o'tkazilmagan begona shaxslarga fotomuxbirlar uchun mo'ljallangan nimchalarni bergan. Bundan tashqari, uchrashuv davomida maydon atrofida begona shaxslar harakatlangani ma'lum bo'ldi. Bu orqali mezbon klub Superliga va Pro liga reglamentining 18.5 bandini buzdi.

Bundan tashqari, "Istiqlol" stadioni suxandoni o'yin davomida o'zi uchun belgilab berilgan matndan tashqariga chiqib, muxlislar tomon turli provokacion e'lonlar berdi. Suxandon ushbu harakatlari orqali Superliga va Pro liga reglamentining 15.15 bandini bir necha marta buzdi.

"Neftchi" klubining ishi Tartib-intizom qo'mitasiga oshirildi.


18-tur. "Dinamo" – "Paxtakor"

"Dinamo" stadioni texnik hududi yoniga o'yinga umuman aloqasi yo'q, tegishli akkreditatsiyaga ega bo'lmagan bir necha shaxslar o'tirib oldi. Ularga berilgan ogohlantirishlar samara bermadi. Ushbu shaxslar o'zini xavfsizlik uchun masul xodim deb tanishtirgan bo'lsa ham uchrashuv davomida biror bir funkciya bajarmadi. Bu orqali Superliga va Pro liga reglamentining 15.5 bandida ko'rsatilgan talablar bajarilmadi.

"Dinamo" klubining ishi Tartib-intizom qo'mitasiga oshirildi.


19-tur. "Xorazm" – "Qizilqum"

"Xorazm" klubi futbolchilari uchrashuvdan so'ng maxsus tashkil qilingan mikst-zona orqali emas, boshqa yo'l bilan stadionni tark etmoqchi bo'lgan. Klub vakillari yordamida futbolchilar ortga qaytarilib, ularning mikst-zonadan o'tishlari taminlandi. "Xorazm" klubi futbolchisi Vladimir Bubanya vaziyat bo'yicha uchrashuv komissariga etiroz bildirdi. Bu talab reglament orqali belgilab qo'yilgani tushuntirilsa ham futbolchi hech qaysi musobaqada mikst-zonadan o'tish majburiy emasligini aytib, Liga rasmiylariga nisbatan qo'pol munosabatda bo'lgan. 

Vladimir Bubanya Superliga va Pro liga reglamentining 18.7 bandi ijrosini taminlayotgan Liga rasmiylarining ishiga aralashish orqali ushbu reglamentning 15.2 va 15.3 bandlariga amal qilmadi.

Vladimir Bubanyaning ishi Tartib-intizom qo'mitasiga oshirildi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz