

Italiyalik mutaxassis UEFA Chempionlar Ligasi umumiy bosqichi 5-turidan o'rin olgan "Napoli"ga qarshi uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida o'zbekistonlik futbolchining imkoniyatlariga baho berdi.
"Manchester Siti" rasmiy saytining xabar berishicha, jamoa himoyachisi Mateush Nunesh jarohatidan forig' bo'lib, "Napoli"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etishga tayyor. Portugaliyalik futbolchi Angliya Premer-ligasining so'nggi turida "Fulxem"ga qarshi bahsni (1:1) o'tkazib yuborgan, uning o'rnida o'ng qanot himoyachisi sifatida Abduqodir Husanov harakat qilgandi.
Mareska o'zbekistonlik futbolchining qaysi poziciyada samaraliroq o'ynashi haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:
"Ish boshlaganimizdan buyon o'ng qanotda Riko Lyuisdan foydalandik, ammo Husanov ham bu poziciyada o'ynay oladi. Men jamoada to'g'ri muvozanatni topishga harakat qilyapman.
Agar Husanov qanot himoyasimi yoki markaziy himoyada yaxshiroq o'ynaydimi, deb so'rasangiz, shubhasiz, u markaziy himoyachi sifatida kuchliroq.
Biroq hammasi muayyan o'yin va ixtiyorimizdagi futbolchilarga bog'liq. Riko hozirgacha juda yaxshi harakat qildi", – dedi Mareska.
Mutaxassisning takidlashicha, Nuneshning safga qaytishiga qaramay, jamoaning ayrim futbolchilarida ketma-ket o'yinlar tufayli jismoniy charchoq alomatlari bor. Shu sababli "Napoli"ga qarshi uchrashuvning asosiy tarkibi yakuniy mashg'ulotdan keyin aniqlanadi.
"Mateush safga qaytdi. Hozircha faqat Antuan Semeno o'ynay olmaydi. Boshqa futbolchilarning holati bo'yicha ayrim shubhalar bor. Bugungi mashg'ulotdan keyin qaror qabul qilamiz.
Mavsum davomida 65 ta uchrashuv o'tkazishimiz mumkin. Shuning uchun futbolchilarni to'g'ri boshqarishimiz kerak. Har bir o'yinda eng kuchli tarkibni tushirishni xohlayman, ammo bunday qilsak, futbolchilarni haddan tashqari charchatib qo'yamiz", – dedi murabbiy.
Ma'lumot uchun, "Manchester Siti" Chempionlar Ligasining dastlabki to'rtta uchrashuvida uchta g'alabaga erishib, 9 ochko bilan umumiy turnir jadvalida 7-o'rinni egallab turibdi.
"Manchester Siti" – "Napoli" uchrashuvi 24 noyabr kuni Manchestyerdagi "Etixad" stadionida bo'lib o'tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 25 noyabrga o'tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.



