"Futbol kimnidir ko'z yoshiga, kimnidir jabr ko'rishiga, kimningdir boshi yorilishiga yoki qoni to'kilishiga arzimaydi"

Narzulla Saydullayev
9 apr 2021, 13:52
Futbolda oddiy qoida bor – g'alaba qozonish uchun raqibdan ko'ra bir gol ko'proq urish kerak. Bo'ldi.

Buni kecha PSJ epladi. Buni “Navbahor” ham “Lokomotiv” bilan o'yinda eplagan edi. Xuddi kechagiga o'xshash holat uchun “Navbahor” ikkita penalti tepgan edi o'shanda. Lekin, negadir o'shanda “Loko” rasmiylari raqib futbolchilarini “beg'araz” deb so'kmagan, raqib jamoasini kiyim almashtirish xonasigacha taqib qilmagan, muxlislari esa VAR mashinasiga hujum qilishmagan, maydonga turli buyumlarni uloqtirishmagan edilar. Bir xil vaziyat, lekin ikki xil fikr. Menimcha, “Loko”da klub imidji uchun qayg'uradiganlar ko'proq.

Firdavs Norsafarov balki faoliyatidagi eng qiyin qarorni tanlagandir. Bilmadim. Ammo, ushbu eng qiyin qaror to'g'ri qaror bo'lgani uning yutug'i. Ko'pchilik Firdavs noto'g'ri qildi, o'yin so'ngida bunday holat uchun bermasligi kerak edi, o'rnida men bo'lsam bermas edim deyapti. Sharhlovchilar, mutaxassislar, OAV vakillaridan eshitdim – “men bo'lganimda bermas edim”. O'yin yakuni, stadion liq to'la muxlislar va yana shu kabi asoslanmagan asoslar. To'g'ri, siz bermasdingiz, men ham bermas edim. Chunki bizni yo'qotadigan narsamiz yo'q, Firdavsda esa bor. Bir xato qaror tufayli keyingi faoliyati shubha ostida qolgan, bir xato tufayli chetlatilgan va keyingi faoliyatiga albatta qattiq ta’sir o'tkazadigan hakamlarni ko'rdik. Firdavs 5 daqiqa ichida faoliyatidagi eng muhim qarorlardan birini tanladi. O'ylashimcha, to'g'ri qaror tanladi. Buning uchun uni olqishlayman. Uning boshqa hamkasblari ham bosimdan cho'chimasdan to'g'ri qaror qabul qilish mumkinligini bilishdi.

Namangan xalqi futbolni boshqacha yaxshi ko'radi. Bilamiz. Ishoning, men ham “Navbahor” chempion bo'lishini, umuman poytaxt jamoalaridan boshqa kimdir chempion bo'lishini istayman. Ishoning, shunday bo'lishi, bu – futbolimiz yutug'i. Men ham shunday bo'lishini, “Navbahor” yoki AGMK chempion bo'lishini, “So'g'diyona” va “Qo'qon” OCHLda o'ynashini istayman. Lekin, bunday sharmandagarchilik evaziga emas. Farg'onada bir marta dunyoga sharmanda bo'lganimiz etadi. Namangan ahlidan iltimos qilaman. Sizlarniki ortiqcha. Futbolga hammamiz muxlismiz. Futbol esa, mening fikrimcha (qo'shilmaslikka haqqingiz bor) kimnidir ko'z yoshiga, kimnidir jabr ko'rishiga, kimningdir boshi yorilishiga yoki qoni to'kilishiga arzimaydi. Agar “Navbahor” buni to'xtata olmasa kimdir jabr ko'radi. Jismoniy va ruhiy tomondan. O'zbekiston futboli imidjiga esa yana qarsaklar chalinadi. Chetda, dunyoda.

Bizga shu kerakmi?


Sherzod Rajabov




O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia