Yevropada ham bizning uslubga murojaat etishmoqda… La liganing 2-tur sharhi

Narzulla Saydullayev
26 avg 2019, 15:22
Ispaniya chempionati bu gal har galgidan ko'ra qiziqroq start oldi.

Birinchi turda Barselona mag'lubiyatga uchragan bo'lsa, ikkinchi turda Madridning Reali ham ochko yo'qotishga majbur bo'ldi. Hozir mazkur uchrashuvlar orasidan eng qiziqarlilari haqida qisqacha fikr yuritamiz.

Sevilya va Atletiko turnir peshqadamiga aylanib olishdi. Bir paytlar hozirgi Ispaniya hududlari Arab xalifaligi tarkibiga kirgani haqida xabaringiz bor. O'sha davrlarda Ishbiliya va G'arnota shaharlari ispan madaniyatining eng oldi shaharlari hisoblanishgan. Asrlar davomida bu nomlar etimologik jihatdan o'zgarishga uchrab, bugungi ispan tili mezonlariga ko'ra Granada va Sevilya shaklida talaffuz qilinadi. Ammo, mazkur provinciyada hali-hamon arablarning ko'plab topilishi bilan Baskoniya, Kataloniya yoki Madriddan farq qiladi. 2-turda mazkur ikki shaharning bosh jamoalari to'qnashuviga guvoh bo'ldik. Uchrashuv deyarli teng kurashlar ostida o'tdi. Hatto, Granada futbolchilari darvoza tomon ko'proq zarbalar ham berishdi. Ammo, bir xunuk holat: darvoza tomon o'rin holi nega ajratib yozildi? Chunki, uchrashuv mobaynida Granada futbolchilari aynan darvoza tomonga 12 bor zarba yo'llashdi. Eng qizig'i, bu zarbalarning hammasi yo darvozaning yonidan, yoki yuqorisidan o'tib ketdi. Tarkibida Roberto Soldadodek bozor ko'rgan hujumchisi bor jamoaning bunaqa noaniqlik ko'rsatishi biroz kulguni qo'zg'aydigan holat. Granada bosh murabbiyi Diego Martinez mashg'ulotlarda shogirdlariga ulkan darvozani to'g'ri nishonga olishni o'rgatmasa, raqib darvozabonlari zerikib qolishlari mumkin. Biz bu holatga nega urg'u berdik? Mazkur bahsdan keyin APL doirasida Everton Aston Villaga mag'lub bo'lgan uchrashuvda ham shunga o'xshash holat yuzaga keldi. Shuning uchun, Granadada asosan arablar yashashi haqida ham gapirdik. Ular Osiyo futbolidan andoza olishmoqda. Yana kimdan deng, bizning futboldan. Kulyapsizmi? Yo'q, shoshilmang. Axir, bir necha yil oldin Osiyoda yangicha futbol uslubini yaratish ilinjida yurtimizning eng kuchli yigitlari bilan Eron milliy terma jamoasi darvozasiga birorta ham aniq zarba yo'llamaganimiz (yo'llay olmagan emas, uslub talablaridan kelib chiqib yo'llamagan deylik) uchrashuvlarni esladingizmi. Ular aynan o'sha uslubning mohiyatini anglab yetib, buni Yevropaga tadbiq etmoqdalar…

(Tarixga e'tibor berilmasligi mumkin, ammo bu tarix barchaning yodidan chiqqanini anglatmaydi. Yani, biz ispan tarixidagi Arab xalifaligining mustamlakachilik davri tarixini nazarda tutyapmiz... )



Yuqorida yomon damlarni eslatib yuborgan bo'lsak, uzr! Aytmoqchimizki, shunday holat APL-u La liga jamoalari bilan ham yuz berishi mumkin ekan. Buni shunchaki omadsizlikka yo'yib qo'ya qolaylik. Qo'limizdan ortiq nima ham kelardi…

Xullas, bizning uslubga murojaat etgan (shu jumlalarni faxr va iftixor bilan aytamiz, kim biladi yana qachon bunday deyish nasib etarkin) Granada yakunda bu noto'g'ri qaror bo'lganini tushundi va minimal hisobda imkoniyatni boy berdi. Sevilya esa bu g'alabadan keyin turnir jadvalida Atletiko bilan birgalikda karvonboshilikni qo'lga oldi. O'tgan mavsumda ham mazkur klub startni yaxshi olgan, ammo ikkinchi davrada muvozanatni yo'qotgandi. Bu gal ko'ramiz, La ligada doimiy yetakchilik qiladigan trioni kvartetga aylantira olarmikan?


Madridning Atletikosi esa Leganes maydonida mehmon bo'lib, Vitolining goli evaziga g'alaba qozondi. Mazkur bahs ko'rsatdiki, matraschilar jamoasida har qanday yulduzdan ko'ra murabbiyning imzosi ustunroq turadi. Yangilangan Atletiko ham oldingisidek minimal hisobda g'alaba qozonmoqda. E'tiborlisi, jamoani yetakchilar tark etishi klubga zarracha ta’sir ko'rsatmagan. Godin-u, Xuanfranlarsiz mudofaa chizig'i ham quruq o'yin o'tkazish mumkin ekan.


Real Barselonadan uzoqlashishni xohlamaydi, shekilli. Mamlakat ichidagi yetakchilik Barselonaning joniga tekkan chog'i, jamoa birinchi turdan keyin boshqa raqobatchilariga ajoyib imkon taqdim etgandi. Chempionatni Barselonadan 3 ochkolik farq bilan oldinda boshlash mavsum o'rtasiga borib asqotib qolishi mumkin, albatta. Bundan Sevilya va Atletiko to'g'ri foydalanmoqda. Endi ular Barselonadan 3 ochko, qo'shimchasiga Realdanam 2 ochkoga o'zib ketishdi. Chunki, Zidan shogirdlari Santyago Barnabeuda Valyadolid darvozasiga 22 ta zarba berib ham g'alabaga erishishni uddalay olishmadi. Bu ketishda Qirollik klubi yana bir muvaffaqiyatsiz mavsum o'tkazishi mumkin. Real yetakchisi bo'lish uchun jamoaga tashrif buyurgan Eden Azar maydonga qaytgach, jamoa o'yinini kuzatib bu boradagi so'ngi xulosalarni berishimiz mumkin. Ma'lumotlarga qaraganda, Eden keyingi turda maydonga tushish imkoniyatiga ega bo'ladi.



Valensiyadan yana yomon start. Ko'rshapalaklarning ishlari bu mavsum ham yurishmayapti. Jamoa Vigoning Selta klubiga minimal hisobda mag'lub bo'ldi. Ortda qolgan ikki turdan keyin Valensiya 1 ochko to'plagani holda autsayderlar zonasidan o'ziga issiqqina joy tayyorlatib oldi. Jamoaning yurtimizdagi kam sonli muxlislariga sabr, jamoaga esa omad tilashdan boshqa chora topolmadik.



Ernesto Valverde yomon Barsani o'chirib, yaxshi Barsa mexanizmini ishga tushirdi. Birinchi turdagi mag'lubiyati katta muhokamalarga sabab bo'lgan Barselona Betisga qarshi uchrashuv boshida ham o'z muxlislarini xavotirga solib qo'ydi. Boisi, Nabil Fekir 15-daqiqada o'z jamoasini hisobda oldinga olib chiqishni uddaladi. Ammo, keyinchalik Antuan Grizmann Kataloniyaga ko'rgazmali chiqishlar uchun olib kelinmaganini anglab etdi. Dastlab, tanaffusga qadar hisobni tenglashtirgan francuz ikkinchi taym avvalida ko'k-anor ranglilarni hisobda oldinga ham olib chiqdi. Qolgani Barselona uchun muvaffaqiyatli davom etdi. Uchrashuvda Grizmann tomonidan kiritilgan dastlabki ikki golga Serxi Roberto tomonidan samarali uzatma amalga oshirilganini inobatga olsak, Roberto mavsum davomida o'zini qayta kashf etishi mumkin. Zero, unda La masiyaning barcha bitiruvchilari singari o'yinni o'qiy olish, maydonni ko'ra bilish va super aniqlikdagi to'p uzatishlari bor. Balki, futbolchi Xavi yoki Inesta darajasiga chiqa olmas, ammo yangi Roberto darajasiga asos solishi mumkin. O'yinga qaytadigan bo'lsak, alaloqibat, Barselona 5:2 hisobidagi g'alabaga erishib, mavsumdagi dastlabki ochkolarni ishlab oldi.


Bundan tashqari, Levante o'z maydonida Vilyarrealni mag'lub etdi (2:1). Birinchi turda amaldagi chempionni mag'lub etgan bilbaoliklar Xetafe maydonidan durang bilan ortga qaytishdi (1:1). Osasuna Eybar bilan Alaves esa Espanol bilan nursiz durang qayd etishdi.

Shuningdek, Malorka Real Sosedad bahsida bir paytlar Realning kelajagi deya taxmin qilingan Martin Edegorning yagona goli o'yin taqdirini hal qildi.



Quyida to'purarlar ro'yxati bilan tanishing:
Karim Benzema (Real Madrid) - 2
L.Moron (Real Betis) - 2
S.Gvardiola (Real Valyadolid) - 2
A.Grizmann (Barselona) - 2
R.Marti (Levante) - 2
J.Moreno (Vilyarreal) - 2.

Hozircha hammualliflar ro'yxatini Atletik himoyachisi Ander Kapa va Serxi Robertolar 2 tadan samarali uzatma bilan boshqarib turibdilar.

Tobora qiziqarli tus olayotgan La liga bahslari, ularning atrofidagi va ichidagi e'tiborga molik voqealar va ularning sharhini bizning saytda kuzatib boring. championat.asia sizni faqat sifatli materiallar bilan taminlaydi.


Faxriddin Ro'ziev

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia