Elmurod Abdullaev: "Boysunda Yevropa standartlari asosida futbol akademiyasini qurish uchun er oldik"

Nadirkhuja Yuldashev
8 noya 2018, 11:26
Ilk marotaba Boysun tomonlarga yo'lim tushganiga ham 2 yil bo'ldi.

3 yillar ilgari bu yerda mahalliy tadbirkorning tashabbusi bilan kichik arena qurilgan edi. Tumanda yo'q bo'lib ketgan futbolga jon kirgandek bo'ldi, aniqrog'i bolalar futboliga. O'z paytida Surxondaryo futboli Respublikamizning yetakchilari qatorida etirof etilgani hech kimga sir emas.

Hududdagi bolalar futboli Abdullaevlar oilasining tashabbusi bilan yana yangi nihol kabi o'sishni boshlayotgani meni quvontirdi. Inattulla otaning yana uch nafar o'g'illari, Dilmurod, O'tkirbek va Kamoliddin ham futbolga befarq emaslar. Toshkentda bo'lib o'tadigan musobaqalarimizda ham boysunliklar imkon qadar ko'proq ishtirok etishga harakat qiladilar. 2017 yil Kiko Zuniga bilan hududga kelganimizda, ispaniyalik mutaxassis hayron qolgan edi. "Qanday qilib kichik qishloqda, bunchalik ko'p istedod bo'lishi mumkin", - deya o'ylanib savol bergan edi. Haqiqatdan ham bu erga sarmoya kiritsa, yaxshi futbolchilar ko'p chiqadi. Eng muhimi, bu ishlar boshlandi.

Elmurod va Fazliddin Abdulllaevlarning tashabbusi bilan o'tkazilinayotgan "Boysun tog'lari" kubogi musobaqasiga tashrif buyurganimda, eng quvonarlik eshitgan xabarim, yangi akademiyani bunyod etish uchun viloyat hokimligidan er maydoni ajratilgani bo'ldi. Avvalgi safar kelganimda, er bo'lsa, qurilish boshlash niyatida ekanliklarini aytishgan edi. Niyat xolis emasmi, viloyatning sobiq hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan er ajratildi. Amaldagi hokim Bahodir Po'latov ham o'z yordamini ayamasligini bildirib o'tgan.

Elmurod aka bilan ko'p marotaba bolalar futboli haqida gaplashamiz. Garchand o'zi poytaxtda yashasada, Boysunda futbol bo'lsin deydi. Surxondaryo jamoasi kuchlilar qatorida o'ynasa deydi. Albatta bunday insonlarga amaliy yordam qo'lini cho'zish barchamizning burchimiz. Boysunning havosi va undagi tabiiy giyohlarni kerak bo'lsa bozordan topa olmaysiz. Bu yerda barchasi tabiiy. Shuning uchun ham meni o'zimda ham mazkur hudud bolalar futbolini ko'tarishda qatnashgim bor. Bu yerdan chiqishi mumkin bo'lgan kuchli futbolchilarni oldindan ko'ra bilsak bo'lgani.


Qisqasi qurilish bo'lishi kerak bo'lgan hududga tashrif buyurdik, o'sha yerda qisqacha intervyu oldim.

- Futbolga bunchalik mexr qayerdan tushdi?
- O'g'limni "Lokomotiv" jamoasiga berganman. Uning ketidan bormagan joyim qolmadi. Ko'rdim, izlandim va o'rgandim. Bu yerda kenjamiz Fazliddin ham futbol murabbiyi bo'lish istagida yurgandi. Futbolchi bo'lish nasib etmadi. Shunda "Gaza" degan kichkina baza qurdik, yonida sun'iy maydoni bor. Boshida kutmagan edik, futbolga kelishni istaganlar shu darajada ko'p ekan, bir necha yosh toifada jamoalar yig'ildi. Shundan keyin qiziqish yana ortdi.

- Chekka tumanda katta pul tikish, tavakkalchilik emas deydiganlar ko'p...
- To'g'ri aytasiz. Shu sun'iy maydon o'rniga birorta biznes qilsang bo'lmaydimi, deganlar ham ko'p bo'lgan. Lekin biz o'zimiz tug'ilib o'sgan tuman uchun jonimizni bermasak, boshqalardan nima kutamiz. Biz emasmi hududni obod qilishi kerak bo'lgan insonlar. Hamma narsa bolalar futbolidan boshlanadi. Hozir biz ularga turtki berib yuboraylik, yillar o'tib ularni o'zi sarmoya olib keladilar.

- Akademiya qanday ko'rinishda bo'ladi?
- Buning uchun hozirdanoq Yevropa andozasini o'rganishni boshlab yubordik. Kelasi yilning boshida ukamni Yevropaga malaka oshirishga yuboraman. Rejamizga ko'ra 2 yil ichida zamonaviy akademiyamizni qurib bitkazamiz. Akademiya nafaqat futbolchi tarbiyalash, balki Respublika bo'yicha ko'plab musobaqalarni o'tkazishga ham ihtisoslashadi. Boysunni ko'pchilik hali bilmaydi. Boysunga shveytsariyaliklar havas bilan qaraydilar. Bu yerdagi tog' va shar-sharalar, tabiiy suvlar. Qisqasi, Boysunni futbol orqali ham dunyoga tanitishni maqsad qilganmiz. Kelasi yilda ikkinchi ligaga jamoa qo'yishni reja qilganmiz. Bazamiz qurib bitkazilgach albatta birinchi ligada ham jamoamiz bo'ladi.


Mazkur yerda ikki yil o'tib zamonaviy futbol maydoni va akademiya qurib bitkazilinishi ko'zda tutilgan


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia