Davron Fayziev: “Asosiy tarkibning o'zagini saqlab qolishga harakat qilamiz”

18 noya 2013, 15:20
Oliy ligada joriy mavsum bosh murabbiy sifatida debyut mavsumini o'tkazgan Davron Fayziev o'z oldiga qo'yilgan vazifani uddaladi.

Sababi ko'pchilik muxlislar “So'g'diyona”ni chempionat avvalida mavsum omadsizlari qatoriga qo'shib qo'yishgandi. Fayziev esa bunga javoban, taniqli bo'lmagan futbolchilar bilan kuchlilar safida qolishni uddaladi.

Endi keyingi yil ham jamoa elitadagi ishtirokini davom ettiradi. Biz jamoaning kelgusi rejalarini bilish maqsadida Davron Fayzievning o'zi bilan suhbatlashdik.

- Chempionatning oxirgi turida, “Bunyodkor”ga qarshi o'ynadik. Ushbu bahs tugagach, futbolchilarga tatil berganmiz – deya gap boshladi Fayziev. Shuning uchun hozir jamoaning barcha a'zosi dam olishda. Nasib qilsa, 20 dekabardan yigitlarni o'z qarorgohimizda yig'ishni rejalashtirib turibmiz.

- Bu yil tarkibimizda o'ynagan bir qator futbolchilarga oliy liganing yetakchi klublaridan takliflar bo'lmoqda. Lekin biz ham qo'l qovushtirib turmoqchi emasmiz. Imkon qadar asosiy tarkibning o'zagini saqlab qolish niyatidamiz.

- Bu yil darvozamizni qo'riqlagan moldaviyalik posbonimiz o'z yurtiga jo'nab ketgan. Aleksandr Melenchuk yurtimizga safimizga qaytib kelishi kerak. Chunki tajribali golkiper bilan og'zaki kelishib olganmiz.

- Kuchaytirilishi lozim bo'lgan chiziqlar ham bor albatta. Eng birinchi navbatda oldingi chiziqdagi raqobatni kuchaytirish uchun mahoratli hujumchilarni olishimiz kerak. Shuningdek yarim himoyaga ham yangi o'yinchilar taklif etishni mo'ljallab turibmiz.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia