Darvozani "quruq" saqlagan posbon, markaziy uchrashuvda g'olib bo'lgan murabbiy, "2+1" natija qayd etgan futbolchi - Superligada 29-turning eng yaxshilari

Sherzod Nurmatov
25 noya 2025, 17:03
Championat.asia sayti O'zbekiston Superligasi 29-turining eng yaxshilarini aniqladi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 29-turning eng yaxshi darvozaboni – Abdumavlon Abdujalilov ("Bunyodkor")

"Bunyodkor" bu tur Zominda "So'g'diyona" mehmoni bo'lib, ortga 2:0 hisobidagi g'alaba bilan qaytdi. Ushbu muvaffaqiyatda "qaldirg'ochlar" darvozaboni Abdumavlon Abdujalilovning o'rni beqiyos. U uchrashuv mobaynida bir qator jiddiy seyvlarni amalga oshirib, darvozani "quruq" saqladi va g'alabada munosib hissa qo'shdi. Championat.asia ijodkorlari aynan "Bunyodkor" posboni Abdujalilovni tur darvozaboni deb topdi. 


Championat.asia sayti talqinida 29-turning eng yaxshi murabbiyi – Kamoliddin Tojiev ("Paxtakor")

"Paxtakor" ushbu turda "Nasaf" bilan bahs yuritib, o'zi uchun muhim g'alabaga erishdi (1:0). Kamoliddin Tojiev bahs uchun to'g'ri tarkibni tanladi va himoyani ham mustahkam tuta oldi. Shunday qilib, shogirdlari mazmunli o'yin ko'rsatgan "sherlar" ustozi Tojiev Championat.asia xodimlari tomonidan tur murabbiyi bo'lishga loyiq ko'rildi.


Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 29-turning eng yaxshi futbolchisi – Alisher Odilov ("Neftchi")

"Neftchi" ushbu turda "Qizilqum"ni yirik hisobda (4:1) engib, 24 yil deganda chempionlikka yetishdi. Bunda farg'onaliklar vingerining 2 ta goli va 1 ta golli uzatmasi muhim o'rin tutdi. Uchrashuv shunchaki Odilovning benifisiga aylanib ketdi. 19 daqiqada dubl qilishga ulgurgan vinger uchinchi golda assistent vazifasini ham bajardi. Championat.asia ijodkorlari bir ovozdan 24 yoshli futbolchini turning eng yaxshi o'yinchisi sifatida etirof etdi.  


Championat.asia sayti talqinida 29-turning eng chiroyli goli muallifi – Imeda Ashortia ("Bunyodkor")

Yuqorida yozib o'tganimizdek, "Bunyodkor" bu turda "So'g'diyona"ni 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Mehmonlarning gruziyalik futbolchisi 60-daqiqada olis masofadan chap oyoqda darvozaning to'qqizligini nishonga oldi - raqib posboni zarbani bartaraf etishda shunchaki ojiz qoldi. Shu tariqa, tajribali o'yinchi turning eng chiroyli goli muallifi deb topildi.



O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia