

25-turning eng yaxshi darvozaboni - Davron Merganov (“Surxon”)
"Surxon" ortda qolgan turda safarda "Buxoro" bilan nursiz durang qayd etdi (0:0). Ammo mazkur bahs termizliklar posboni Davron Merganov uchun haqiqiy benefiga aylandi: darvozabon 6 bor seyv ko'rsatib, jamoasini muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Ko'rsatgan ishonchli o'yini sababli Merganov Championat.asia talqiniga ko'ra turning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.

25-turning eng yaxshi murabbiyi - Islom Ismoilov (“Neftchi”)
"Neftchi" mazkur turning markaziy to'qnashuvida o'z maydonida "Paxtakor"ni 3:1 hisobida taslim etdi va "sherlar" bilan oradagi farqni 5 ochkoga etkazib, chempionlik sari ulkan qadam tashladi. Yosh mutaxassis Islom Ismoilovning puxta taktik rejasi va maydondagi yurishlari Farg'ona klubiga haqli g'alaba keltirdi hamda unga tur murabbiyi maqomini taqdim etdi.

25-turning eng yaxshi futbolchisi - Stipe Perica (“Neftchi”)
"Neftchi"ning ilk goliga mualliflik qilgan hamda uchinchi golda penalti ishlab, bahs taqdirini hal qilgan xorvatiyalik to'purar Stipe Perica haqli ravishda turning eng yaxshi futbolchisi deb etirof etildi.

25-turning eng chiroyli goli muallifi - Ulug'bek Abdullaev (“Dinamo”)
"Andijon" bilan kechgan keskin bahsda (1:1) zaxiradan maydonga tushgan qanot himoyachisi Ulug'bek Abdullaev chiroyli gol urishga erishdi. Uning olis masofadan darvozabon ustidan oshirib tashlagan aql bovar qilmas aniq va nafis zarbasidan keyin kiritilgan to'p haqli ravishda turning eng chiroyli goli deb tan olindi.




