Boydullaev jarrohlik stoliga yotqizildi

Narzulla Saydullayev
9 okt 2013, 11:16
“Nasaf” - “Neftchi” uchrashuvining 10 daqiqasidayoq jiddiy jarohat olib, maydonni tark etgan jamoamizning yetakchi yarim himoyachisi Erkin Boydullav dushanba kuni poytaxtimizda jarrohlik stoliga yotqizildi.
Mamlakat chempionatining 21-turida Qarshida “Neftchi” jamoasi bilan bo'lgan o'yinning 10-daqiqasida Boydullaev to'p uchun kurashda farg'onaliklar a'zosi Iqbol Akramov bilan to'qnashib ketdi. Natijada futbolchimizni yashil maydondan to'g'ri shifoxonaga olib ketishdi.

Dushanba kuni poytaxtmizda jarrohlik stoliga yotqizilgan futbolchining aytishicha, o'yin paytida maydonga  noqulay yiqilishi natijasida elka qismi suyaklari jiddiy jarohatlangan.

-Shifokorlar bir oydan so'ng jarohatdan forig' bo'lishim mumkinligi haqida aytishdi, -deydi futbolchining o'zi. –Dastlab individual mashg'ulotlarni boshlayman. Yanvar oyidan boshlab jarohatim bitishiga qarab umumiy guruhga qo'shilishim mumkin ekan.

Takidlash joizki, bungacha Shohruh Gadoev, Alisher Yusupov yetakchi futbolchilarimiz jarohat olib, ancha muddatga safdan chiqishgandi. Mavsum boshida jiddiy  jarohat olgan Kenja To'raev hozirda umumiy guruhda mashg'ulotlarga qatnashayotgan bo'lsa, O'zbekiston kubogi finalidan so'ng safdan chiqqan himoyachi  Shuhrat Muhammadiev ham keyingi turlardan jamoamiz yordam berishi mumkin.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcnasaf.uz