Bahodir Nasimov baribir Eronda faoliyat olib boradigan bo'ldi

Narzulla Saydullayev
31 okt 2014, 11:32
O'zbekiston terma jamoasi a'zosi Bahodir Nasimov yaqinda Eron chempioni "Fulad" klubi bilan shartnoma tuza olmagani haqida xabar berilgandi.
Bahodir Nasimov kuni kecha Eronning "Padideh" Xuroson klubi bilan 1 yillik shartnoma imzoladi.

Samarqandlik 27 yoshli hujumchi yozga qadar Eron Pro-ligasida Mashhad shahri sharafini himoya qiladigan klub safida to'p tepadi.

Bu haqda "Dinamo" klubi matbuot kotibi Usmon Ibodov tvittyerdagi sahifasida yozib qoldirgan.

Ma'lumot uchun, Xurosonning "Padideh" klubi 2005 yil tashkil topgan. Jamoa egasi "Padideh" kompaniyasi hisoblanadi. Klub o'z o'yinlarini 35000 tomoshabinga mo'ljallangan "Samen Al Aeme" stadionida o'tkazadi. Ayni paytda mahalliy murabbiy Alirizo Marzban bosh murabbiy sifatida ishlamoqda.

"Padideh" o'tgan mavsum quyi ligada ishtirok etib birinchi o'rinni band etib va Eron Pro-ligasiga yo'llanma olgandi.

12 turdan so'ng Nasimovning yangi jamoasi 17 ochko to'plab musobaqa jadvalining 9-pog'onasida bormoqda.

Jamoada xorvatiyalik Igor Praxich, chernogoriyalik Milan Yovanovich va serbiyalik Zoran Knejevich kabi legionerlar faoliyat olib borishmoqda.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia