Bahodir Mirzaev O'zbekistonda futbolni boshqarishni takomillashtirish mavzusida dissertaciya yoqladi

Sherzod Nurmatov
28 iyun 2022, 21:10
Olmaliqning AGMK futbol klubi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Bahodir Mirzaev kuni kecha mamlakatimiz futboli uchun ahamiyatli bo'lgan mavzudagi ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Jismoniy tarbiya va sport menejmenti yo'nalishida yozilgan dissertaciyaning mavzusi to'liq tarzda "O'zbekistonda professional futbolni rivojlantirishda boshqaruv mexanizmini takomillashtirish" deb nomlanadi.

Bahodir Mirzaevga mazkur ishda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Boltaboev Mahmudjon Rustamovich ilmiy rahbarliq qildi.

Ushbu dissertaciyada qator dolzarb masalalar ko'tarilgan bo'lib, yurtimizda professional futbolni rivojlantirishda zamonaviy boshqaruv strategiyalarini ishlab chiqish va samarali boshqaruv mexanizmini amaliyotda qo'llash bo'yicha bir qancha ilmiy tavsiyalar berilgan.

AGMK bosh direktorining dissertaciyasida futbolning boshqaruv mexanizmini takomillashtirish bo'yicha G'arbiy Yevropadagi futboli eng rivojlangan mamlakatlarning tajribasi o'rganilgan. Boshqaruv mexanizmini tashkil etishda Belgiya tajribasi eng samaralilardan biri bo'lganligi sababli, uni o'rganishga katta ahamiyat berilgan. 

2000-yillar boshida gigant terma jamoalardan orqada qolib ketgan Belgiyada, bolalar-o'smirlar futbolidagi tizimni tubdan yangilash orqali 14-15 yilda mamlakat milliy terma jamoasini dunyo yetakchilari safiga FIFA reytingidagi 66-o'rindan so'nggi yillardagi muntazam 1-2-o'rinlarga olib chiqish vazifasi qanday uslub va usullar yordamida uddalangani, boshqaruvda qanday taktika va strategiyalar qo'llanilgani ilmiy ishdagi eng e'tiborli jihatlardir (misol uchun, FIFAning so'nggi e'lon qilingan reytingida O'zbekiston hozir 77-o'rinda).

Bahodir Mirzaevni futbol sohasidagi mazkur ilmiy muvaffaqiyati bilan tabriklaymiz!

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia