

Jamoa o'zidan birmuncha kuchsiz sanalgan Hindiston termasi bilan kechgan bahsda 1:4 hisobida yutqazib qo'ydi. O'yindan keyin oradan ko'p o'tmay Tailand futbol federatsiyasi terma jamoa ustozi Milovan Rayevacni iste'foga chiqardi. Shunday qilib navbatdagi Osiyo Kubogining dastlabki turidayoq iste'fo ro'y berdi.
Aftidan Tailand futbol federatsiyasi rahbariyati hindlardan qabul qilib olingan mag'lubiyatni hazm qila olmagan ko'rinadi. Ma'lumot uchun, serbiyalik mutaxassis yaqinda terma jamoada ish boshlagandi. Aslida-ku o'tgan oy jamoa AFF Kubogi yarim finalida Malayziyaga yutqazib qo'yganidan so'ng rahbariyat bu murabbiy ishidan tashvishga tushgandi. Hindistonga boy berilgan o'yin esa hammasidan oshib tushdi. Natijada rahbariyat shu zahoti Rayevacga chiqish eshiklarini ko'rsatdi. Endi jamoani vaqtincha mahalliy murabbiy Sirisak Yodyardtxai boshqarib turadi.



