Akbar Usmonov: "Kuchli jamoalarga qarshi o'ynash bizning o'sishimizga sabab bo'ladi"

Eldor Akmurzayev
2 fev 2022, 09:40
Xabaringiz bor, O'zbekiston futzal terma jamoasi Xorvatiyada o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazdi.

Yig'in davomida uchta o'rtoqlik uchrashuvi ham o'tkazildi. Mazkur yig'inni yakunlab yurtimizga qaytib kelishganidan so'ng terma jamoa yetakchisi Akbar Usmonov fikrlariga quloq tutdik.

"Umuman olganda Xorvatiya shahri bizda iliq taassurot qoldirdi. Mazkur o'quv-yig'inimiz ham ajoyib o'tdi. Yevropada tayyorgarlik baribir boshqacha bo'ladi. O'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvilaridagi xatolarimizdan to'g'ri xulosalar chiqardik. Ushbu xatolar ustida ko'proq mashg'ulotlarda ishlab, kamchiliklarni kamaytirgan holda Osiyo chempionati saralashiga yaxshi sport formada tashrif buyuramiz.

Fransiya terma jamoasi reyting jihatidan yuqori o'rinlarda bo'lmasa-da, o'ziga yarasha kuchli, albatta. Ko'rindiki, terma jamoadagi barcha futzalchilar yuqori individual texnikaga ega. Ularga qarshi o'ynash ham maroqli bo'ldi. Shaxsan men uchun ham kuchli jamoalarga qarshi o'ynash yoqadi.

O'ylaymanki, biz mana shunday terma jamoalarga qarshi o'ynashimiz foydali. Kuchli raqiblarga qarshi o'ynab, xatolarni ko'rib olamiz, o'sish kuzatiladi.

Mavsumni deyarli yarmi o'tib bo'ldi. Hozircha to'purarlar orasida 1-o'rinda bormoqdaman. Bu esa yoqimli, albatta. Qolgan bahslarda ham gollar urib, jamoamga yordam bermoqchiman. "Lokomotiv" hozircha 3-o'ringa tushib qoldi. Chempionlik uchun oxirigacha kurashamiz va taslim bo'lmaymiz. Shaxsiy ko'rsakichlarimga kelsam, Xudo xohlasa, 65 taga yaqin gol urishni niyat qilganman", - deya so'zini yakunladi Usmonov.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia