“Xorazm” va “Obod” mavsumni durang bilan boshlashdi

Narzulla Saydullayev
5 apr 2015, 08:25
Nihoyat, birinchi liga “karvon”i ham yo'lga tushdi. Mamlakatimizning ko'plab shahar va tumanlariga katta futbol kirib keldi.
Jumladan, Xorazm vohasiga ham. Ayni damda, “Xorazm” jamoasi uy o'yinlarini Yangibozor tumani markaziy stadioniga ko'chirgan. Buning sababi shundaki, bugungi kunda “Umid nihollari-2015”  o'yinlarining ochilish va yopilish tantanalari bo'lib o'tadigan  viloyat markazidagi muhtasham sport majmuasida keng qamrovli qurilish va rekonstrukciya ishlari olib borilmoqda.
  
O'z navbatida Yangibozorda joriy yilgi mavsumning ilk uchrashuvini o'tkazishga qizg'in tayyorgarlik ko'rildi. O'yingoh atrofi obodonlashtirilib, bayramona bezatildi. Futbolchilarning echinib-kiyinish, yuvinish va boshqa xonalari talab darajasida jihozlandi. Mubolag'a emas, birinchilikning ochilish marosimi ko'tarinkilik asnosida tashkil etildi.
   
Belgilangan fursatda “Xorazm” va “Obod” jamoalari futbolchilari markaziy minbar oldiga saf tortishdi. Tantanani  Yangibozor tumani hokimi Ozod Madrahimov ochib berdi.  Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida musobaqa bayrog'i ko'tarildi. So'ngra, tadbirda qatnashgan Xorazm viloyati hokimligi madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig'i Shokir Madaminov stadionga yig'ilgan muxlislarni hamda ikkala jamoa a'zolarini futbol bayrami bilan muborakbod etdi.
  
Bevosita o'yin tafsilotlariga to'xtalsak, uchrashuvning dastlabki daqiqalari biroz sust kechdi. Birinchi xavfli hujum 15-daqiqada amalga oshirildi.  Urganchlik Nizomjon Norov jamoadoshlari uzatib bergan to'pni yaqin masofadan darvozaga yo'llay olmadi. Oradan to'rt daqiqa o'tib xuddi shunga o'xshash vaziyatdan “Obod” jamoasi vakili Araik Babaev foydalana bilmadi. U tepgan to'p himoyachiga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Umuman, mazkur bo'limning qolgan daqiqalarida hisobni ochish uchun  jamoalarda imkoniyatlar yuzaga kelgan bo'lsada, futbolchilar o'z darvozalari daxlsizligi saqlashni uddalashdi.
  
O'yinning ikkinchi qismi ancha qiziqarli kechdi. “Xorazm”lik Feruzbek Jabborov, Jamoliddin Masharipov, “Obod”lik Araik Babaevlar to'p kiritish uchun juda qulay imkoniyatlarni  boy berishdi. Eng qizig'i shundaki, uchrashuvning asosiy vaqti poyoniga etayotgan bir paytda, aniqrog'i 87-daqiqada Vali Sultonov shogirdlariga yaqqol omad yetishmadi. Ochig'i, mezbonlar futbolchisi Marks Quronboevning chap burchakdan amalga oshirgan zarbasidan keyin to'p mehmonlar darvozaboni va himoyachilaridan o'tib darvozaga tomon yo'naldi. Stadionga tashrif buyurgan vohalik ishqibozlar “Go o o l” deya quvonganlaridan o'rinlaridan qalqib turishdi. Biroq, so'nggi pallada to'p Bekzod Omonullaev qo'riqlayotgan darvozaning o'ng tarafidagi ustunning pastki qismiga tegib, maydonga qaytdi. Shu tariqa o'yinda hisob ochilmay qoldi.

“Xorazm” (Urganch) – “Obod” (Toshkent) – 0:0. Yangibozor tumani markaziy o'yingohi.
Hakamlar:
D. Jalimov (Nukus), SH. Kamarov (Samarqand), S. Hakimov (Samarqand), J. Tursunboev (Yangibozor).
“Xorazm” :  G'. O'daev, SH. Mannonov, A. Husinov, J. Otajonov, T. Ismoilov, M. Abdullaev, M. Quronboev (J. Egamov, 90), R. Bayramov (S. Jumaniyozov, 52), N. Norov (T. Bekchanov, 75), F. Jabborov (M. Quryozov, 78), I. Xayrov (J. Masharipov, 64).
“Obod” : B. Omonullaev, K. Tojiboev, G'. Umirov, SH. Jalilov (D. Ahmadaliev, 81), D. Hasanov, SH. Norxonov (R. Shuhratov, 60), A. Babaev, E. Ravshanov, S. To'raqulov (J. Ishoqov, 72), S Abdullajonov (Z. Umarov, 69), J. Iskandarov.
Ogohlantirishlar: J. Otajonov (8), SH. Mannonov (13) – D. Hasanov (22), A. Babaev (65), J. Iskandarov (90+3), K. Tojiboev (90+4).
Nazoratchi: R. Davlatmurotov (Toshkent).


Ikrom XUDOYBERGANOV,

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia