Sardor Jahonov: “Hindistonda maosh to'lash borasida muammo yo'q”

Iskandarov Abdulaziz
18 avg 2022, 16:08
O'zbekistonlik yarim himoyachi Sardor Jahonov faoliyatini Hindiston chempionatida davom ettirmoqda.

 O'tgan mavsum u “Rajastan Yunayted” klubida o'ynagan bo'lsa, yangi mavsum avvalida “Neroka” bilan shartnoma imzoladi. Mana shundan keyin futbolchi bilan bog'lanib, uning fikrlariga quloq tutdik. 

- Sardor, “Neroka” klubiga o'tishingiz qay tariqa amalga oshdi?

- Xabaringiz bor, o'tgan mavsum men Hindiston I ligasi ishtirokchisi “Rajastan Yunayted” sharafini himoya qildim. Bu jamoada ko'rsatgan o'yinlarimdan kelib chiqib, “Neroka” menga taklif bilan chiqdi. 

- “Rajastan Yunayted” sizni o'z safida olib qolish uchun yangi shartnoma taklif qilmadimi?

- Taklif bo'ldi, albatta. Lekin moliyaviy tomonlama yaxshi emasdi. “Neroka” esa menga yaxshi maosh taklif qildi. 

- Yangi jamoa bilan qancha muddatli shartnoma imzoladingiz?

- Kelishuv 1 yilga mo'ljallangan. 

- Hindiston futboli sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Hammasi ajoyib deya olaman. Futbol o'ynash uchun barcha qulayliklar bor. Klublar futbolchilarga barcha sharoitlarni yaratib bergan. Asosiysi, yaxshi o'yin ko'rsatish talab qilinadi. 

- Stadionlar va muxlislik madaniyati borasida qanday fikrdasiz?

- Barcha stadionlar tabiiy va sifatli deya olaman. Muxlislar esa millionlar o'yinini juda yaxshi ko'rishadi. Har bir o'yinga tashrif buyurib, muxlislik qilishadi. 

- Mamlakat madaniyati va taomlariga moslashishda qiyinchilik bo'lgani yo'qmi?

- Hammasiga ko'nikib boryapman. Taomlari va boshqa jihatlaridan ham aytarli muammo yuzaga kelgani yo'q. 

- Maosh to'lash borasida uzilishlar kuzatilmaydimi?

- Hindistonda maosh to'lash borasida muammo yo'q. Hammasi vaqtida berib boradi. Legionerlarni yaxshi hurmat qilishadi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia