Samvel Babayan: "Paxtakor" kubokka doim katta e'tibor qaratib kelgan"

Narzulla Saydullayev
18 apr 2014, 20:21
"Paxtakor" - "Xorazm" (4:0) uchrashuvidan so'ng tashkil etilgan matbuot anjumanida ikkinchi bo'lib mezbonlar bosh menedjeri Samvel Babayan ishtirok etdi.
"Raqib oddiy emasligi ko'rinib turibdi. "Xorazm" bizga qarshi yaxshi o'ynadi. Jamoa o'z oldiga oliy ligaga chiqish vazifasini qo'ygan. Bunga erishishlari mumkin. O'zimizning o'yinga kelsak yigitlar yaxshi harakat qilishdi va keyingi bosqichga chiqdik. Biz doim kubokka katta e'tibor qaratib kelamiz. Sababi O'zbekiston kubogi o'z tarixiga ega bo'lgan musobaqa", - deb gap boshladi Samvel Babayan.

"Bugun hujumda bir qator eksperimetlarni amalga oshirdik. Keyingi o'yinlarda bu bizga yordam berishi kerak".

"Keyingi o'yinni Samarqandda o'tkazamiz. Bu bahsda odatdagidek tayyorgarlik ko'ramiz".

"Jamoamizda bir qator xorazmlik futbolchilar borligini barcha biladi. Sanat Shixov, Jamoliddin Masharipov va Jamshid Iskanderov. "Xorazm" klubi hozir Xivada o'ynamoqda. U yerdagi maydon holati yaxshi emasligi ma'lum. Shu bois biz "Xorazm" klubiga o'yinni Toshkentda o'tkazish borasida so'rov bilan chiqdik. Barcha safar harajatlarini o'zimiz to'lab berishimizni aytdik. "Xorazm" klubi bunga ijobiy javob berdi. Bu jamoa safidagi bir qator yosh futbolchilar O'zbekistonning bosh arenasi hisoblangan "Paxtakor"da o'ynashdi. Bundan tashqari bugungi bahs SPORT telekanali orqali namoyish etiladi", - deydi Babayan.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia