O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi Turkiyada uchta g'alabaga erishdi

Narzulla Saydullayev
28 avg 2013, 15:19
Turkiyaning Istanbul shahrida o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazayotgan O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi yig'in davomida 3ta o'rtoqlik nazorat uchrashuvini o'tkazdi va ularning barchasida g'alaba qozondi.
Temur Olimxo'jaev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi Turkiyaning Istanbul shahrida yig'in o'tkazayotgani haqida avvalroq xabar bergan edik. Olimxo'jaev shogirdlari yig'in davomida uchta o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishga ulgurdi va ularning barchasida g'alaba qozondi.

Dastlab, o'zbekistonlik o'smirlar 23 avgust kuni Istanbulspor (U-17) klubi o'smirlariga qarshi maydonga tushib, yirik - 7:1 hisobida g'alaba qozonishdi. 25 avgust kuni esa, Olimxo'jaev shogirdlari Zaraspor (U-17) klubiga qarshi maydonga tushdilar va ushbu uchrashuv ham O'zbekiston U-16 o'smirlarining yirik g'alabasi bilan yakun topdi - 7:0. Yig'in davomidagi so'nggi uchrashuv esa, 27 avgust kuni Beshitosh (U-17) klubi o'smirlariga qarshi o'tkazildi. Murosasiz kechgan uchrashuvda, o'zbekistonlik o'smirlar 3:2 hisobida g'alaba qozondilar.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasining Turkiyadagi yig'ini 29 avgustgacha davom etadi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-16 o'smirlar terma jamoasi 2014 yili Tailand mamlakati mezbonlik qiladigan U-16 o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionati final bosqichi saralash bahslarida ishtirok etadi. Ma'lumot o'rnida, V guruhi o'yinlariga 2013 yilning 25-29 sentyabr kunlari O'zbekiston poytaxti Toshkent mezbonlik qiladi. O'yinlar Toshkentdagi JAR ctadionida bo'lib o'tadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com