Andrey Kanchelskis: Yangi mavsumda kamida ikkinchi o'rinni egallamoqchimiz

Narzulla Saydullayev
29 yanv 2019, 14:15
Sevastopol - Navbahor (0:2) uchrashuvidan so'ng Navbahor bosh murabbiyi o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

- Vazifamiz - chempionatga munosib tayyorgarlik ko'rish. Odatdagidek ish olib boryapmiz. Biz ikki xil yo'nalishda mashg'ulotlar o'tkazyapmiz. Bugun o'yin, ertaga tiklanish mashqlari, so'ngra keyingi o'yinga tayyorgarlik.

Reja bo'yicha ishlayapmiz. Kamchiliklar ustida yana ishlaymiz. G'alaba qozonish yoqimli. Shogirdlarim bugun g'alaba uchun harakat qilishdi. Ular kuchli yuklamalar bilan shug'ullanishmoqda.

31 yanvar kuni so'nggi o'yinimizni o'tkazib, ortga qaytamiz. Biroz hordiqdan so'ng Turkiyada yig'in o'tkaziladi.

Oldimizga maksimal vazifani qo'yganmiz. O'tgan mavsum 3-o'rinni egalladik. Endi shu natijani yana takrorlashimiz mantiqsiz. Shuning uchun birinchi va ikkinchi o'rinlarni egallamoqchimiz. Shuningdek, Kubok o'yinlariga jiddiy e'tibor qaratamiz, - deydi Kanchelskis.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Навбаҳор" мухлислар клуби