"Andijon" qisqa muddatli tatilga chiqdi

Tolibjon Qosimov
4 fev 2020, 12:12
"Burgutlar"ning navbatdagi yig'ini yakuniga etdi.

Farg'ona shahrida o'tkazilayotgan "Xokim Kubogi" turnirida ishtirok etgan "Andijon" o'z guruhida keyingi bosqichga chiqa olmadi. Xabaringiz bor, kecha Aleksandr Xomyakov jamoasi PRO-Liga vakili "Turon" bilan nursiz durang qayd etdi.

Shundan so'ng jamoa a'zolari uch kunlik tatilga yo'l oldi. Tarkibda jiddiy o'zgarishlar yo'q. Bungacha jamoa ko'rigida bo'lgan tojikistonlik himoyachi Oybek Abdug'affarov o'zidan iliq taassurot qoldirmagani sababli ortga qaytib ketdi. Hozirda 25 yoshli futbolchi "Xo'jand" mashg'ulotlarida ishtirok etayotganini aytish lozim. Undan tashqari, Latviyaning "Ventspils" jamoasidan ko'rikka taklif etilgan yarim himoyachi Roman Mackevichga ham javob berib yuborildi. Ukrainalik Dmitro Zozulya esa uyiga borib kelish uchun murabbiylardan ruxsat olgan va markaziy himoyachi 7 fevral kuni "Andijon" tarkibiga kelib qo'shilishi ko'zda tutilgan. Katta ehtimol bilan Zozulya bu yilgi mavsumni andijonliklar tarkibida o'tkazadi.

"Burgutlar" chempionat startiga qadar poytaxtda shug'ullanishni rejalashtirgan. U yerda yana bir nechta sinov-nazorat uchrashuvlari tashkil etiladi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia