“Andijon”: Navbatdan tashqari yig'ilish bo'lib o'tdi

Aziz Tukhtamuradov
11 iyun 2017, 12:59
Kecha “Andijon” futbol klubining nabatdan tashqari yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbir viloyat kasaba uyushmasining majlislar zalida kechdi. Unda jamoa rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar va bir nechta ashaddiy ishqibozlar ham bevosita ishtirok etdi.

Yig'ilishni viloyat jismoniy tarbiya va sport qo'mitasi raisi Ozodbek Mahamadjonovich Saidov o'tkazib bordi va unda jamoaning so'nggi paytlardagi qoniqarsiz natijasi haqida keskin fikrlar bildirildi.

Ozodbek Saidov yig'ilish davomida “Andijon”ning o'z uyida “Xorazm” va “Orol”ga qarshi bahslarda qayd etgan durang natijasi va keyingi safar o'yinlarida “Surxon” bilan “Nasaf-2”ga qarshi bahslarda yo'qotilgan qimmatli ochkolar borasida qattiq kuyunib gapirdi va so'zni rahbariyat, bosh murabbiy va jamoa a'zolariga berib, ularni salbiy natijaga nima sabablar bo'layotgani haqida fikrlari bilan qiziqdi.

Jamoa natijalariga mas'ul bo'lgan Vitaliy Legay so'z olib, qoniqarsiz natijalardan keyin rahbariyat va muxlislar oldida uzr so'rashini va kelgusida yanada ko'proq ishlab, jamoa oldiga qo'yilgan vazifani bajarishga astoydil xarakat qilishlarini bildirdi.

Futbolchilardan esa tajribali hujumchi Anvar Berdiev va jamoa sardori Ibrohim Otaxonov ham so'zga chiqib, salbiy natijalar qayd etilishida eng avvalo futbolchilar aybdor ekanligini, rahbariyat tomonidan barcha sharoitlar muhayyo etib borilayotganini ta'kidlab o'tishdi.

Shuningdek, Anvar Berdiev o'z so'zida “Surxon”ga qarshi bo'lib o'tgan o'yinda yuz bergan salbiy va o'ziga xos shov-shuv uyg'otgan xolat bo'yicha ham muxlislar oldida butun futbolchilar nomidan kechirim so'rashini bildirdi.

Jamoa sardori Otaxonov esa “Nasaf-2”ga qarshi bahsda qayd etilgan yirik hisobdagi mag'lubiyatda eng avvalo yosh futbolchilarni ishonchsiz xarakat qilgani bilan bog'liq ekanligini aytdi.

Yig'ilish chog'ida Ozodbek Mahamadjonovich klub rahbariyatiga shu kungacha bosh murabbiy sifatida ishlab kelgan Vitaliy Aleksandrovichni o'z lavozimidan ozod qilishlikni va uning yaqin yordamchisi sifatida ishlab kelgan murabbiy Abdurashid Ismoilovni esa iste'foga chiqarishini talab qildi. Qolaversa ayrim intizomsiz futbolchilarga keskin chora va xayfsan e'lon qilishini bildirdi. Agarda birinchi davraning qolgan uchta o'yinida ijobiy natija qayd etilmasa tarkibdagi bir qator futbolchilar bilan xayrlashishi lozimligini ham qo'shimcha qilib o'tdi.

Muxlislar klubi yetakchisi Nodirbek To'ychiev ham so'z olib, futbolchilardan har bir uchrashuvda faqat va faqat g'alaba kutishlarini, afsuski so'nggi paytlardagi salbiy natijalar ishqibozlarni chuqur iztirobga solib qo'yayotganini, bundan jamoa a'zolari to'g'ri xulosa chiqarib, kelgusida vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishi shart ekanligini a'lohida ta'kidladi.

Shundan so'ng klub qarorgohida ham klub rahbariyat futbolchilar bilan uchrashib, yana bir bor ochik suhbatlashib oldi va keyingi uchta o'yinda 9 ochko uchun kurashishlari kerakligini bildirdi.

Andijon matbuot xizmati.

O'xshash yangiliklar


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia