Usmonali Ismonaliev: "Biz hech qayerda kuchsiz o'ynamaganmiz"

Оқил Абдубарноев
19 okt 2026, 13:04
"Andijon" sardori Usmonali Ismonaliev O'zbekiston kubogi chorak finalidagi "So'g'diyona"ga qarshi o'yin oldidan jamoaning holati haqida gapirdi. Bellashuv 20 oktyabr kuni Zominda bo'lib o'tadi.

"Andijon" klubini oldinda 20 oktyabr sanasida O'zbekiston Kubogi chorak finalida Zominda "So'g'diyona" jamoasiga qarshi muhim bellashuv kutmoqda.

Chempionatda so'nggi uchta turda kutilmagan mag'lubiyatlarga uchragan "Burgutlar" ishonchni oqlash uchun endi Kubok doirasidagi muhim o'yinda ishtirok etib, ishqibozlarni xursand qilishni maqsad qilishgan.

Bu borada jamoa sardori Usmonali Ismonaliev ayrim savollarga javob berdi.

– Usmonali, "Andijon" chempionatda ketma-ket uchta uchrashuvda mag'lubiyatga uchragani, albatta, kutilmagan holat. Siz bu vaziyatga qanday izoh berasiz?

– Oldin bunday vaziyatga deyarli tushmaganmiz, ayniqsa, bu yil. O'ylashimcha, ketma-ket mag'lubiyatlar omadsizlik bilan bog'liq. "Buxoro"ni yutib turganimizda to'g'ri, hakamlar xalaqit qilishdi, ammo gap ko'proq o'zimizda. Omadsizlik va oxirida muvozanatni yo'qotdik. Bitta g'alaba bizni yanada kuchli qiladi va oldinga yurishimizga sabab bo'ladi. Bu o'yin "So'g'diyona" bilan bo'lib o'tadi. Bu juda qimmatli, muhim uchrashuv. G'alaba qozonib yarim finalga chiqishni istaymiz.

Mag'lubiyatlarimiz, boya aytganimdek, omadsizlik bilan bog'liq. "Qizilqum" bilan o'tgan o'yinda bitta gol o'tkazdik. Ammo statistikada biz tashabbusga egalik qilganimiz ko'rinadi. To'pni nazorat qildik. Buxoroda ham shunaqa bo'ldi. Lekin hamma joyda natija qoladi. Xudo xohlasa, biz kuchlimiz. Zominda "So'g'diyona"ni yutib, muxlislarimizni xursand qilgan holda mag'lubiyatli seriyaga nuqta qo'ya olamiz. Keyin Samarqandda "Dinamo"ga qarshi maydonga tushamiz. Xudo xohlasa, Kubokda ijobiy natija qayd etib, Samarqandda ham yaxshi motivaciya bilan maydonga tushamiz. Biz hech qayerda kuchsiz o'ynamaganmiz. O'yinlarda imkoniyatlarga ega bo'la turib, etarlicha foydalana olmayapmiz.

Jamoa sardori sifatida ayta olamanki, biz bo'lajak o'yinga tayyormiz. Ruhiy tushkunlik yo'q. G'alaba bilan ishqibozlarimizni xursand qilamiz.

– Mag'lubiyatlardan keyin ruhiy tiklanish, omadsizlikni unutish va motivaciya olish qiyin bo'lmadimi?

– To'g'ri, qiyinchilik bo'ladi. Lekin o'yinlar o'tib ketdi, orqaga qaytarib bo'lmaydi. Aytib o'tganimdek, jamoamiz oxirgi o'yinda ham to'liq ustunlik qildi, hujumlar uyushtirdik. Darvozaga kirmasa qiyin. Xudo xohlasa, bitta g'alaba bilan bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Oxirgi o'yindan keyin futbolchilar, rahbariyat va murabbiylar bilan gaplashib oldik. Bizda ruhiy tushkunlik yo'q, ichki muhit ajoyib, jamoamizda muammo yo'q. Faqat o'zimizni o'zimiz ruhlantirib maydonga chiqamiz va g'alaba bilan yuvib tashlaymiz.

– Bungacha "Andijon" "So'g'diyona" bilan joriy mavsumda ikki marta o'ynadi. Andijonda 4:0 hisobi qayd etilgan bo'lsa, safarda esa 1:0 hisobida yutqazdi. Ikkita uchrashuvdan xulosa qilinsa, bo'lajak raqibga qanday tarif berasiz va ko'proq nimalarga e'tibor qaratish lozim?

– To'g'ri, "So'g'diyona" uyida yaxshi o'ynagan. Bitta vaziyatni hal qilib ketadigan futbolchilari bor. Biz ham ularga munosib qarshilik ko'rsatib kelganmiz. Biz ularni yaxshi bilamiz va ular ham bizni yaxshi bilishadi. Ehtiyotkorlik bilan o'yin bo'ladi. Chunki o'yinning qiymati juda baland. Biz o'zimizga ishonamiz. Xudo xohlasa, yarim finalga chiqamiz. Bu o'yinda g'alaba qozonishimiz shart. Hamma Kubok o'yinini kutyapti. Albatta, jizzaxliklar ham o'ziga bu o'yinda maqsad qo'ygan. Oxirigacha jang qilgan jamoa yutadi va biz bu bahsga tayyormiz!

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати