

Ammo shunga qaramay, viloyat futbol federatsiyalari tomonidan yurtimizda bolalar futbolining rivojlanishiga to'g'anoq bo'ladigan bazi noxolisliklarga yo'l qo'yilmoqda.
Shu yilning 23-29 noyabr kunlari Buxoro shahrida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar terma jamoalarining 2000-yilda tug'ilgan o'smirlar guruhlari o'rtasida Respublika chempionati bo'lib o'tgani haqida avval xabar bergandik. Chempionatda 12ta jamoa 4ta guruhga bo'lingan holda qatnashdi.
Mana shu musobaqada Sirdaryo viloyati terma jamoasi tarkibida yoshi kichraytirilgan va qaydnomadan o'tmagan futbolchi ishtirok etayotgani O'FF vakili tomonidan aniqlangan va Sirdaryo viloyati terma jamoasining barcha natijalari bekor qilinib, musobaqadan chetlashtirilgan.
Buxoro shahrida o'tkazilgan futbol bo'yicha Respublika chempionatida aniqlangan kamchiliklar, noxolislik, ko'zbo'yamachilik va mamlakatimizda bolalar va o'smirlar futbolini rivojiga to'g'anoq bo'layotgan illatlarni kelgusida bartaraf etish hamda musobaqada ishtirok etuvchi jamoa rahbarlari va murabbiylarining mas'uliyatini oshirish maqsadida O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning buyrug'i chiqdi.
Buyruqda Sirdaryo viloyati jamoasi musobaqada yoshi kichraytirilgan hamda musobaqada ishtirok etish bayonnomasiga kiritilmagan futbolchilar bilan ishtirok etgan holda, noxolislikka yo'l qo'ygani, ma'lumotlarni qalbakilashtirgani sababli viloyat jamoasiga mas'ul bo'lgan shaxslar Jahongir Murodqosimov va Ahror Mirazimovlarni futboldan butunlay chetlashtirish va ularga futbol faoliyati bilan shug'ullanish uchun berilgan licenziya, sertifikatlarni bir umrga bekor qilish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo'mitasiga taqdimnoma kiritilishi aytib o'tilgan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati futbol federatsiyasi aniqlangan faktlar yuzasidan tegishli mas'ullarga keskin choralar ko'rishi va ko'rilgan choralar to'g'risida 3 kun muddatda O'zbekiston futbol federatsiyasiga ma'lumot taqdim etishi belgilab qo'yilgan.
Mazkur buyruq barcha hududiy federatsiyalar e'tiboriga etkazilib, yuqoridagi holatlar takrorlansa, O'zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan keskin choralar ko'rilishi to'g'risida ogohlantirildi.



