

Ukrainaning “Futbolniy divan” YouTube kanaliga bergan intervyusida sobiq darvozabonlar murabbiyi “Nasaf”ga taklif etilishi kutilmagan va juda tez sodir bo'lganini aytdi.
“Murabbiylar shtabi juda tez shakllantirildi. Demyanenko shartnoma imzolaganidan ikki kun o'tib, O'zbekistonda bo'lishimiz kerak edi. Men taklifga rozilik berdim, chunki agentlarimiz bir xil edi. O'shanda Lobanovskiy bilan ishlagan mutaxassisdan juda ko'p narsa o'rganaman, deb o'ylagandim”, – dedi Bogodelov.
Uning takidlashicha, Anatoliy Demyanenkoning O'zbekistonga kelishi mahalliy muxlislarda katta qiziqish uyg'otgan.
“Aeroportdan chiqishimiz bilan bizdan birinchi so'rashgan narsa: “Shevchenko va Rebrov qachon kelishadi?” degan savol bo'ldi. Bir kuni Buxoroda, adashmasam, aeroportda turganimizda yoshi juda katta, salla va chopon kiygan bir qariyani uchratdik. U zo'rg'a turganiga qaramay, Demyanenkoni tanib, “Demyanenko, beshinchi raqam!” deb aytdi”, – deya esladi mutaxassis.
Bogodelovning so'zlariga ko'ra, klub rahbariyati murabbiylar shtabi oldiga uchta vazifa qo'ygan: O'zbekiston chempionatida, mamlakat kubogida va OFK kubogida g'olib chiqish.
“Yakunda OFK kubogini qo'lga kiritdik, chempionatda ikkinchi o'rinni egalladik va mamlakat kubogi finaliga chiqdik. O'zbekistondagi faoliyatim juda yorqin davr bo'lgan”, – dedi u.
Sobiq murabbiy 2011 yilda “Nasaf” tarkibini deyarli qayta shakllantirishga to'g'ri kelganini ham ta'kidladi. Uning aytishicha, shtab ish boshlaganida jamoa tarqoq holatda bo'lgan, mamlakatning eng kuchli klubi esa o'sha paytda “Bunyodkor” hisoblangan.
Intervyu davomida Bogodelov Anatoliy Demyanenko bilan Qashqadaryo viloyati rahbariyati o'rtasidagi kelishmovchilikni ham esladi.
Uning hikoya qilishicha, “Nasaf” yozda Yaltada o'quv-mashg'ulot yig'ini o'tkazgan. Biroq terma jamoalar ixtiyorida bo'lgan ayrim futbolchilar yig'inda to'liq ishtirok eta olmagan va jamoaga etarlicha tayyor holatda qaytmagan.
Shundan so'ng qarshiliklar O'zbekiston chempionatida Samarqandning “Dinamo” klubiga o'z maydonida 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. Mazkur mag'lubiyat viloyat rahbarining jiddiy noroziligiga sabab bo'lgan.
“Suhbat yuqori ohangda kechdi. U Demyanenkoga nimadir dedi. Keyin biz hammamiz o'rnimizdan turib, chiqib ketdik. Shundan so'ng ular o'rtasidagi aloqa men orqali davom etdi. Viloyat rahbari Demyanenkoga kiyinish xonasiga kirmasligini ham aytgan”, – dedi mutaxassis.
Shuningdek, Bogodelov OFK kubogida raqiblarni o'rganish uchun noodatiy usullardan foydalanishganini ma'lum qildi.
“Tailand jamoasining har bir mashg'ulotini kuzatardik. Bir safar ularni hojatxonadan turib tomosha qilganmiz. Osiyo Chempionlar ligasida esa raqiblar mashg'ulotini ko'rish uchun erga yotib, balkon bilan pol orasidagi tirqishdan qaragan paytlarimiz ham bo'lgan”, – dedi u.
Suhbatda O'zbekiston futbolida kelishilgan o'yinlar borligi haqidagi savol ham berildi. Bogodelov “Nasaf”da ishlagan davrida bunday holatga duch kelmaganini aytdi.
“Bizda bunday holatni hech qachon eshitmaganman. Bizning vazifamiz birinchi o'rinni egallash edi, shuning uchun hech kim bilan kelishmaganmiz”, – deya ta'kidladi ukrainalik mutaxassis.
Suhbat yakunida mutaxassis 2011 yilgi OFK kubogi yarim finalida Iordaniyaning “Al-Vehdat” klubiga qarshi safar o'yinini esladi. Uning so'zlariga ko'ra, “Nasaf” delegaciyasini aeroportda raqibning 5:1 hisobida g'alaba qozonishini bashorat qilgan plakat bilan kutib olishgan. Ammo uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan. Bogodelov o'sha bahs o'tkazilgan maydonning bir tomonga nishab bo'lganini ham ta'kidladi.
Ma'lumot uchun, “Nasaf” 2011 yil 29 oktyabr kuni Qarshida o'tkazilgan OFK kubogi finalida Quvaytning “Al-Kuvayt” klubini 2:1 hisobida mag'lub etib, O'zbekiston klublari orasida birinchi bo'lib mazkur musobaqa g'olibiga aylangan.
Anatoliy Demyanenko Ukrainaga qaytganidan keyin ham Bogodelov yana bir mavsum “Nasaf”da ishlashni davom ettirgan. U bu qarorini klubning Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritgani bilan izohladi.



