Nasafni Osiyoda chempion qilgan murabbiy Qozog'istonga taklif qilindi

Narzulla Saydullayev
21 mar 2014, 13:41
Qozog'istonning Ordabasi futbol klubi ukrainalik mutaxassis – Anatoliy Demyanenko bilan muzokaralar olib bormoqda.

Tengrinews.kz xabariga ko'ra, jamoa bosh murabbiyi nomiga da'vogarlar orasida bolgariyalik Ili Iliev, serbiyalik Lyubko Petrovich va germaniyalik Xolger Fax ham bor.

Jamoaning yangi bosh murabbiyi nomi Qozog'iston chempionati 2-turidan o'rin olgan Ordabasi va Astana jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng ma'lum bo'lishi kutilmoqda. Ordabasining avvalgi bosh murabbiyi – ukrainalik Viktor Pasulko esa nima uchun mavsum oralig'ida sust transfer siyosati olib borilgani haqidagi savollarga javob berishni xohlamagani uchun iste'foga chiqish haqida ariza yozgan.

Qayd etish joiz, Viktor Pasulko o'z vaqtida O'zbekistonning Sho'rtan jamoasida, Anatoliy Demyanenko esa Nasaf jamoasida ish olib borgan. Pasulko O'zbekistondagi faoliyati davomida katta yutuqlarga erishmagan bo'lsa-da, Demyanenko Qarshi jamoasi bilan e'tiborga molik natijalarni qayd etgan.

Jumladan, 2011 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra Nasaf Demyanenko qo'l ostida Osiyo klublarining ikkinchi darajali musobaqasi – OFK Kubogida g'olib chiqqan, shuningdek, O'zbekiston Kubogi finaliga yetib borgan, Oliy Liga bahslarida kumush medallarni qo'lga kiritgan.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz