Ronaldinyoning qoyilmaqom goli, qizil kartochka, Bekxem-u Ouenlarning navbatdagi muvaffaqiyatsizligi yodingizda-mi?

6 mar 2020, 10:21
Bugun siz bilan Yaponiya va Janubiy Koreya yashil maydonlarida o'tkazilgan 2002 yilgi JCH bezagiga aylangan uchrashuvni birgalikda xotirlaymiz.

JCH-2002 chorak final bahsi

Braziliya – Angliya 2:1 (birinchi bo'lim - 1:1) 

•    Sana: 21 iyun 2002 yil. 

•    Stadion: “Ekopa”, Sidzuoka. 

•    Tomoshabinlar soni: 47436. 

•    Bosh hakam: Felipe Ramos (Meksika). 

•    Gollar: Ouen, 23 (0:1); Rivaldo, 45+2 (1:1); Ronaldinyo, 50 (2:1). 

•    Chetlatish: Ronaldinyo, 57.

O'yinga qadar

Jamoalar musobaqanig 1/4 finaliga ishonchli o'yin ko'rsatganlari holda chiqib kelishdi. Inglizlar “o'lim guruhi”(Shvetsiya, Argentina, Nigeriya)da ikkinchi o'rin bilan pley-off yo'llanmasiga ega chiqishdi va 1/8 finalda amaldagi jahon chempioni Fransiya terma jamoasini uyiga ravona qilgan daniyaliklarni mag'lub qilib, chorak final chiptasini qo'lga kiritishdi.

Braziliyaliklar esa barcha uchrashuvlarda g'alaba qozonib, to'pllar nisbatini 13-3 ko'rinishiga keltirib qo'ygan, tabiiyki, Janubiy Amerika vakili bilan to'qnash kelishni hech kim orzu qilmas edi. 

O'yin oldidan ikkala jamoada ham yo'qotishlar yo'q, tarkiblar optimal holatda edi. Luis Felipe Skolari doimgidek 3 nafar markaziy himoyachi, 2 tayanch yarim himoyachini maydonga tushirdi. Kafu va Roberto Karlos keng qanotlar bo'ylab harakatlanishsa, Ronaldinyo, Rivaldo va Ronaldo triosi hujum chizig'idagi xilma-xillik va natija uchun javobgar edi.

Tarkiblar:


 Braziliya: Markos – Lusio, Edmilson, Roke Junior, Kafu, Roberto Karlos – Kleberson, Jilbertu Silva, Ronaldinyo, Rivaldo – Ronaldo (Edilson, 70).                                                     Angliya: Simen – Millz, Ferdinand, Kempbell, Eshli Koul (Sheringem, 80) – Bekxem, Batt, Skoulz, Sinkler (Dayer, 56) – Ouen (Vassell, 79), Xeski.

O'yin

Mazkur uchrashuv afishasi yorqinligi jihatidan chorak finalning boshqa to'qnashuvlaridan keskin ajralib turar, Fransiya, Argentina va Italiya terma jamoalari mundialni muddatidan ancha barvaqt tark etgani, nemislarning ahvoli yaxshi emasligi bois mutaxassislar tomonidan “erta o'tkazilgan final” maqomini olgan edi. Go'yoki, barcha shu to'qnashuv g'olibi chempion bo'lishiga ishonardi (amalda shunday ham bo'ldi). 

Shunga ko'ra, raqiblar o'yinni ehtiyotkor ruhda boshlashdi. O'yindagi dastlabki xavfli vaziyatlar braziliyaliklar tomonidan amalga oshirildi. Roberto Karlos jarima to'pini tepdi, birozdan keyin Ronaldo raqib jarima maydonchasida faollik ko'rsatib, darvozabon turgan nuqtaga zarba yo'lladi. Ammo britaniyaliklar 23-daqiqada o'zlarining ilk imkoniyatlaridan unumli foydalanib ketishdi. Emil Xeski o'zinig hujumdagi sherigi Maykl Ouenni uzun pas bilan taminladi. “Liverpul” hujumchisi esa vaziyatni to'g'ri baholadi, Lusioning xatosidan foydalanib, hisobni ochdi. 


Birinchi bo'lim yakuni arafasida maydon markzida to'pni qabul qilib olgan Ronaldinyo raqib darvozasi tomon o'z uslubidagi “reyd”ni amalga oshirib, Rivaldoga uzatmani amalga oshirdi. Rivaldoning chap oyoqda yollagan zarbasini na Devid Simen, na uning uzun sochlari bartaraf qila bilmadi. Tanaffusdan keyin yana Ronaldinyo katta sahnaga chiqdi. Jarima zarbasi. Masofa – 35 metr, darvozaga zarba berish uchun o'ta noqulay nuqta. Hamma Ronaldinyoning jamoadoshlariga to'p uzatishini kutmoqda, hattoki, darvozabon bo'lajak uzatmani egallab olishga shaylanib o'z postini ozroq masofaga tark etgan. Ronaldinyo vaziyatni to'g'ri baholadi va to'pni Simenning ustidan oshirib darvozaga yo'lladi. 50-daqiqa, hisob – 2:1

O'sha epizoddan keyin bir necha daqiqa o'tdi, Dani Millzning oyog'ini bosib olgan Ronaldinyo maydondan chetlatildi. Meksikalik arbitrni ushbu qarori o'yindan keyin  yillar mobaynida muhokama qilinshi mumkin edi. Qachonki, Angliya o'yinda burilish yasay olganida. Ammo unday bo'lmadi, yarim soatdan oshiqroq muddat maydonda bir kishi ko'p bo'lib harakatlangan inglizlar hisobni o'zgartira olishmadi va haqli ravishda mundialni tark etishdi. 

Qiziqarli fakt: 

Futbolni yaratgan inglizlar futbol bo'yicha jahon chempionatlarida Braziliyani hech qachon mag'lub qila olmagan.

Bu g'alaba Braziliyaga beshinchi oltin kubok sari keng yo'l ochib berdi. Zero, yarim finaldagi qolgan jamoalar Angliyaga nisbatan ancha kuchsiz hisoblanishar edi.

Faxriddin Ro'ziev tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia