Roberto Karlos Amerika kubogi finalida qanday hisob qayd etilishini taxmin qildi

Aslanov Jasurbek
9 iyul 2021, 21:50
Braziliyalik sobiq futbolchi mamlakati Evro-2020'da ishtirok etganda, qaysi bosqichga chiqa olishini ham ta'kidladi.

Braziliya va Argentina terma jamoalari o'rtasidagi Amerika kubogining final uchrashuvi 11 iyul kuni Rio-de-Janeyro shahridagi "Marakana" stadionida bo'lib o'tadi.

"Biz o'z uyimizda o'ynayapmiz, jamoa yaxshi harakat qilmoqda, shuning uchun biz g'alaba qozonishimiz mumkin deb o'ylayman. O'yin oson bo'lmaydi, ammo Braziliya 2:0 hisobida g'alaba qozonishi mumkin", - deydi Braziliya tarkibida 125 uchrashuvda 11 ta gol urgan futbolchi.

Braziliya termasi nega 19 yildan buyon jahon chempionatida g'alaba qozona olmayotgani haqida Karlos shunday dedi: 

"Bir necha avlodlar almashinuvi bo'ldi, bu o'zgarish jahon chempionatlarida o'ynagan yuqori saviyali futbolchilar Amerika kubogi, Konfederatsiyalar kubogi kabi barcha sovrinlarni qo'lga kiritib, o'z faoliyatini yakunlagandan so'ng sodir bo'ldi. 

Hozirgi tarkibning biz erishgan yutuqlarga erishishi qiyin. Biz bu jamoada ko'proq birdamlik, o'ziga ishonch paydo bo'lib, JCHda g'alaba qozonishi uchun sabr-toqatli bo'lishimiz kerak. Amerika kubogi deyarli qo'limizda. Braziliya terma jamoasi amaldagi chempion va yana finalga chiqdi. Ammo jahon chempionatida g'olib bo'lish juda qiyin", - deya ta'kidladi sobiq chap qanot himoyachisi.

Shu bilan birga, Karlosning fikriga ko'ra, hozirgi braziliyaliklar ushbu tarkibda o'ynagan taqdirda, Yevropa chempionati finaliga qadar yetib borishi mumkin edi. Ushbu chempionatning finali yakshanba kuni Londondagi "Uembli" stadionida bo'lib o'tadi va oltin medallar taqdirini Angliya va Italiya jamoalari o'rtasidagi bahs hal qiladi.

"Braziliya terma jamoasi albatta finalda o'ynagan bo'lardi. Ushbu bosqichda Braziliya–Angliya yoki Braziliya–Italiya to'qnash kelardi. Braziliyaliklar yuqori darajadagi turnirlarda o'ynashga odatlanib qolgan. Ular har doim ham g'alaba qozonmaydi, ammo terma jamoada beshta yulduz bor, biz jahon chempionatlarida besh marta g'olib chiqqan yagona terma jamoamiz", - dedi Roberto Karlos.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: TASS