

So'nggi tur oldidan “Boka” "Rasing"dan bir ochko oldinda edi va ular g'alaba qozongan taqdirda chempionlik kafolatlangandi. "Racing" esa g'alaba qozonishi va "ko'k-oltinranglilar"ning ochko yo'qotishini kutishi lozim edi. Agarda “Boka” mag'lub bo'lsa va “Rasing” durang o'ynasa, chempionatning pley-off bosqichi o'tkazilardi.
Endi esa eng qiziqarli voqeaga o'tsak: mavsumning so'nggi turida "Boka" "Independiente", "Racing" esa "River Pleyt"ga qarshi to'qnash kelishi kerak edi. Bu yerda nafaqat "Boka" va "River" o'rtasidagi o'zaro qarama-qarshilik qiziq tuyulardi, balki "Independiente" va "Racing" ham tarixiy raqiblar sanalardi. Agarda chempionlik uchun da'vogar klublarning vazifalari aniq bo'lsa, unda bo'lajak raqiblarda savol yuzaga kelardi: ular azaliy raqiblariga yordam beradimi?
Yaxshiyamki, hech qaysi jamoa bir-biriga atayin sovg'a hozirlamadi va yakun hayratlanaoli tarzda yuz berdi. Keling, tungi voqealar xronologiyasini kuzatamiz:
• 50-daqiqaga kelib, "Boka" "Independiente"ni 2:1 hisobida mag'lub etayotgandi (dastlab jamoa 0:1 hisobida ortda qolayotgandi), bu holatda chempionlik taqdiri "Racing"ning natijasiga bog'liq bo'lmasdi.

• Oradan 6 daqiqa o'tgach, boshqa uchrashuvda hisob ochildi: Matias Roxas "Rasing" safida penaltidan gol urdi. Bu holat ham jadvalda hech narsani o'zgartirmasdi, ammo endilikda "Boka"ning ochko yo'qotishga haqqi yo'q edi.
• 81-daqiqada "Boka" marra sari yo'lni qiyinlashtirdi: jamoa darvozasidan to'p o'tkazib yubordi, hisob esa 2:2 ko'rinish oldi va onlayn jadvalda "Rasing" birinchi o'ringa ko'tarildi.
• Biroq parallel o'yinda vaziyat izdan chiqishda davom etdi, chunki "River" 80-daqiqada Migel Borxaning say-harakatlari evaziga hisobni tenglashtirdi va "Racing" ikkinchi o'ringa tushib qoldi.
• 90-daqiqada esa "Racing" penalti tepish imkoniyatiga ega bo'ldi. Dastlabki 11 metrli nuqtadan standartni golga aylantirgan Roxas allaqachon almashtirilgandi. Chempionlikni taqdim etish yuki Xonatan Galvan zimmasiga tushdi. Ammo... JCH-2018da Argentina terma jamoasiga chaqirilgan "River Pleyt" darvozaboni Franko Armani zarbani qaytardi, qaytgan to'pga esa "Racing"ning boshqa futbolchisi noaniq zarba berdi.
• Galvanning omadsizligidan besh daqiqa o'tgach, 90+5 daqiqada Migel Borxa dubl qayd etib, "Rasing"ning chempionlik umidiga barham berdi va "River Pleyt"ga 2:1 hisobidagi g'alabani taqdim etdi.
Tamom-vassalom! Haqiqiy bayram esa boshqa stadionda boshlandi.






"Boka Xuniors" umumiy olganda, atigi +6 gollar farqi bilan, biroq unutilmas chempionlikni qo'lga kiritdi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi



