Rasman: "Al Hilol"ning yana 3 o'yinchisida koronavirus aniqlandi, jamoada faqat bitta darvozabon qoldi

Tolibjon Qosimov
17 sen 2020, 20:31
OCHL-2020 g'arb mintaqasida markazlashgan o'yinlar boshlangandan buyon Saudiya Arabistonining "Al Hilol" jamoasidan koronavirus bilan kasallanganlar soni to'xtamayapti.

Bugun qanot himoyachisi Yosir Al Shahronida virus aniqlangani haqida xabar bergan edik.

"Al Hilol" matbuot xizmati bergan xabarga ko'ra, jamoaning yana 3 nafar o'yinchisida Covid-19ga topshirilgan test natijalari ijobiy chiqqan. Ulardan ikki nafari darvozabon: Abdulloh Al Jadani, Navaf Al G'amdi hamda yana biri markaziy himoyachi: Abdulloh Al Hafiz. Al Hafiz "Paxtakor"ga qarshi 3 kun oldingi o'yinda to'liq o'ynagan edi. Hozirga kelib riyodliklar tarkibida faqat bir nafar soppa-sog' darvozabon qoldi. Bu jamoaning asosiy kiperi, Salmon Al Farajdan keyingi sardor Abdulloh Al Muayuf.

17-raqamda harakat qiladigan markaziy himoyachi Abdulloh Al Hafiz.


Ayni paytga kelib "Al Hilol"ning jami 10 nafar futbolchisida koronavirus aniqlandi. Bular:

Darvozabonlar: Muhammad Vakid, Abdulloh Al Jadani, Navaf Al G'amdi.

Himoyachilar: Muhammad Al Burayk, Yosir Al Shahroni, Abdulloh Al Hafiz.

Yarim himoyachilar: Salmon Al Faraj, Hamad Alabdan, Navaf Al Obid.

Hujumchi: Saloh Shehri.

Eslatib o'tamiz, ishtirokchi jamoalarning barchasi kecha ertalab navbatdagi bor Covid-19ga test topshirishgan edi.


4-turdan o'rin olgan "Paxtakor" - "Al Hilol" uchrashuvi mahalliy vaqt bilan 21:00 (Toshkent vaqti bilan 23:00)da start oladi. Bahs "Al Janub" stadionida bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia