Prevyu. YCHLni sog'ingan "Enfild", "o'lim" guruhidagi janglar va boshqa o'yinlar haqida

13 sen 2017, 18:58
Kecha start olgan Yevropa chempionlar ligasi o'yinlari ishqibozlarga bir olam quvonch ulashdi.


O'tkazilgan sakkiz o'yindan ettitasida 2tadan ko'p gol kiritildi. YCHLning bu yilgi mavsumi ancha samarador boshlandi.
Bugun esa qolgan to'rtta "kvartet"da jamoalar ishga kirishishadi.

"E" guruhida Chempionlar ligasi havosidan nafas olishni sog'ingan jamoalar to'plangan. Yurgen Klopp mersisaydliklarni yana elitaga qaytardi. Kloppning APLdagi raqobatchisi Antonio Kontening yordamchisi sifatida tanilgan Massimo Karrera esa "Spartak"ni o'tgan yili uzoq kutilgan shohsupaga chiqardi va YCHLga qaytishiga sababchi bo'ldi. Bu guruhda shuningdek Sloveniyaning grand jamoasi "Maribor" ham bor. Darko Milanich qo'l ostidagi ushbu jamoa "kvartet"dagi barcha raqiblar uchun notanish.
Yevropa ligasini yutish bo'yicha mutaxassis jamoaga aylangan "Sevilya" ham guruhda g'oliblik uchun kurashadi.

YCHLga uzoq tanaffusdan so'ng qaytgan "Spartak" bugun Sloveniyada mehmon bo'ladi. Ushbu jamoalarning o'zqro to'qnashuvi muxlislarga qiziqarli uchrashuvni taqdim etishi kutilmoqda. Chunki bu ikki jamoa bir-biriga munosib raqiblar sanalishadi. Karrera ham, Milanich ham o'yinda birinchi raqam bilan o'ynamoqchi ekanliklarini bildirishdi. Bu esa o'z-o'zidan jamoalar ochiq futbol namoyish etishmoqchi ekanligidan darak beradi.


Guruhdagi narigi o'yin esa Mersisayddagi "Enfild"da o'tadi. "Liverpul" muxlislari YCHL madhiyasini sog'inishgani aniq. Yurgen Klopp ham Yevropa chempionlar ligasidagi o'yinlarini qumsaganiga shubha yo'q. Raqib esa evrokuboklarda qanday o'ynashni biladigan, ammo YCHLda biroz qiynalayotgan "Sevilya". Angliya va Ispaniyaning bu ikki hujumkor futbolni xush ko'radigan jamoalari o'rtasidagi bahs hech kimni befarq qoldirmasa kerak. "Liverpul" bu uchrashuvga o'zgacha eyforiya bilan tushadi. "Sevilya" ortga ochko bilan qaytishni maqsad qilgan. Ammo ushbu jamoa Angliyada muvaffaqiyatli o'ynay olmasligiga o'tgan yili guvoh bo'lgandik. "Sevilya"ni esa Angliyadagi alami qolgan.


"F" guruhida Xosep Gvardiola boshchiligidagi "Manchester Siti" qo'shiniga asosiy raqib sifatida "Napoli"ni ko'rsatish mumkin. "Shaxtyor" hamda "Feyenoord" ularga qarshilik qilishga urinib ko'rishadi.
Gvardiola o'tgan yili "Siti" bilan YCHLda ko'ngildagidek qatnasha olmadi. Bu yili esa natijalarni yaxshilash shart. Buning uchun avvalo guruhda chiqish vazifasini hal etish lozim. Gvardiola transfer bozorida bu yili doimgidek faol ishladi. O'tgan yili "Siti" YCHLda himoyadagi muammolar tufayli juda ko'p aziyat chekkandi. Shu boisdan ham Pep yozda asosan himoyachilarni sotib olish bilan band bo'ldi. Klub himoya chizig'i uchun rekord darajadagi bir nechta transferni amalga oshirdi. Ammo xaridlar qanchalik naf keltirishini esa vaqt ko'rsatadi. Chunki Gvardiola transfer qilish borasida mutaxassis sanalmaydi. Uning bir qancha transferlari yakunda muvaffaqiyatsiz chiqishi yangilik bo'lmay qolgan. Nom va ijrochilar jihatdan jamoa kuchli. Ammo maydonda buni isbotlash "Siti"ga oson bo'lmaydi. Ayniqsa Yevropa chempionlar ligasida. Guruhda "Siti"ga asosiy xavfni "Napoli" tug'diradi. "Feyenoord" hamda "Shaxtyor" esa asosan uchinchi o'rin, yani Yevropa ligasida ishtirok davom ettirish uchun kurashadi.


Mauricio Sarri ham YCHLda o'tgan yilgidan ko'ra yaxshiroq ishtirokka umid qilmoqda. Jamoaning potenciali va tarkibdagi futbolchilarning mahorati ham yaxshi natijalarni ko'zlashga asos bo'la oladi.
Jovanni van Bronxorst qo'l ostidagi "Feyenoord"dan ham kutilmagan "sovg'alar"ni kutish mumkin. Jamoa o'tgan mavsumda uzoq tanaffusdan so'ng Gollandiyada chempionlikka erishdi. Ishtaha ovqat paytida keladi deganlaridek, gollandiyaliklar YCHLda ham uzoq mo'ljalni ko'zlab ko'rishga haqlilar. Buni uddalash ularga qiyin bo'lishi tabiiy. Ammo hozirgi zamonaviy futbolda uddalab bo'lmaydigan yumush yo'q.

Portugaliyalik mutaxassis Paulo Fonseka boshchilik qilayotgan "Shaxtyor" ushbu guruhda nisbatan autsayder maqomida. Ammo "konchilar" YCHLda o'ynash tajribasiga ega va Paulo Fonseka qo'l ostida jamoa yangi mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazmoqda. To'g'ri, Ukraina chempionatidagi jamoalar bilan YCHLdagi raqiblarning darajasidagi tafovut ancha katta. Fonseka YCHLda jamoani qanday o'ynata olishi qiziq.  Portugaliyalik murabbiy "Shaxtyor" bilan qolgan uchta raqibga raqobat tug'dira oladimi-yo'qmi?

Ilk turda "Shaxtyor" Ukrainada "Napoli" bilan uchrashadi. Bu ikkala jamoa o'z chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Bugun esa qaysidir jamoa mag'lubiyat tamini his etishiga to'g'ri kelishi mumkin.
"Manchester Siti" esa "Feyenoord"da mehmon bo'ladi. Bu o'yinda doimgidek "Siti" birinchi raqam ostida o'ynashga harakat qiladi. Jovanni van Bronxorst esa bunga rozi bo'ladimi-yo'qmi, bunisi noma'lum. Agarda "Feyenoord" ham birinchi raqam bilan o'ynashni istasa, unda ishqibozlar chinakamiga hujumkor futbol guvohiga aylanishadi. Aks holda "Feyenoord" "Siti"ning eng ojiz nuqtasi bo'lgan qarshi hujumda "ushlash"ga harakat qiladi.


YCHLda ko'pchilik "H" "kvarteti"ni "o'lim" guruhiga qiyoslamoqda. Ammo "Portu", "Beshiktosh", "Leyptsig" hamda "Monako" kabi jamoalar yig'ilgan guruh ko'proq ushbu tarifga mos tushadi. Bu yerda har qanday natijani kutish mumkin. Istalgan jamoa peshqadam bo'lishi yoki bo'lmasa autsayder sifatida guruhda 4-o'rinni egallashi mumkin. Hujumga ixtisoslashgan, maqsadi jiddiy jamoalarning har bir uchrashuvi muxlislarda katta qiziqish uyg'otishi tabiiy.
Serjio Konsensao, Ralf Xazzenxyuttl, Shenol Gunesh hamda Leonardo Jardim. Bu to'rt mutaxassisning ish jarayonini kuzatish maroqli.
"Monako" o'tgan yili nimalarga qodir ekanligini amalda isbotladi. Jardim yo'q nomlarni kashf qildi va yozda ularni grand jamoalarga yaxshigina pulladi. Garchi tarkibdagi bir qator yo'qotishlar bilan ham Jardim yana muvaffaqiyatli ishtirok etishi mumkin. Ammo buni uddalash juda qiyin bo'ladi.

O'tgan yili paydo bo'lgan va Bundesligada katta shovqin ko'targan "Leyptsig" joriy mavsumda barchaning diqqat-e'tiborida bo'ladi. "Leyptsig" bu shunchaki tasodifiy natija yoki kichik loyiha emasligi bot-bot takidlanmoqda. Yangi jamoaning ilk yurishi ancha omadli va muvaffaqiyatli bo'lgandi. Endilikda "Leyptsig" nafaqat ichki chempionatda, balki yevropa arenalarida ham o'z nomini tanitishga va klub imijini ko'tarishga intiladi.
"Leyptsig"ning tanlagan yo'li va falsafasi aniq. Ular doim yuksalishga va kelajakda grand jamoalar safiga qo'shilishga harakat qilishmoqchi.
"Leyptsig" YCHLda ham Bundesligadagi debyut mavsumdagi singari muvaffaqiyatli qatnashadimi?
Agarda jamoa o'z o'yinlari va natijalari bilan ushbu savolga o'zi istagandek javob berolsa, unda yevropa futbolida yangi nom paydo bo'layotganiga ishonsa bo'ladi.

"Portu" haqida ortiqcha gapirish shart emas. Ushbu jamoa doim YCHLda o'ynaydi va ko'p hollarda guruhdan chiqish vazifasini ham uddalab kelgan. Bu safar "Portu"ning raqiblari daraja jihatidan deyarli bir xil. Yevropa markalari bilan o'lchaganda esa, "Portu" brendi ulardan yuqori turadi.
"Leyptsig" va "Beshiktosh" kuchayotgan, tarkibida yaxshi saviyadagi futbolchilarga ega, yuqori maqsadlarni ko'zlayotgan jamoalar. "Monako" avvaldan o'rta darajadagi jamoa hisoblanib kelgan. Leonardo Jardim qo'l ostida jamoa o'tgan yili kutilganidan ham muvaffaqiyatli o'ynagani bois, "monegasklar"dan har qanday raqib cho'chib qolgan.
"Portu" esa allaqachon o'z nomiga ega va statusi nisbatan yuqori turadigan klub.

"Beshiktosh" jamoasi haqida gapirganda, albatta ularning yozgi transfer oynasida faol bo'lishgani va klubning ambiciyalari yuqori ekanligini alohida takidlash lozim.
"Real"da porlagan "tank" Pepe, "Barselona"dagi o'yinlari orqali barchaga tanilib ulgurgan Adriano, La Liga va premer ligadagi ishtiroki orqali tanish bo'lgan Negredo singari ijrochilarga ega jamoadan har qanday xavfni kutish mumkin.

Qisqa qilib aytganda, "Beshiktosh" hali ko'plab raqiblarga "tosh" otishi aniq. Ayniqsa Turkiyada guruhdagi uchala raqibga juda ham qiyin bo'ladi.

"Portu" bugun o'z uyida "Beshiktosh"ni ranjitish payida bo'ladi. Germaniyaga safar qiladigan "Monako"ga esa "Leyptsig" bilan oson bo'lmaydi.
"Leyptsig"dan hozirda ko'pchilik o'tgan yilgi "Monako"ning natijalarini kutmoqda. Ilk yurishni esa "bo'qalar" aynan "Monako"ga qarshi o'yin bilan boshlashadi.
"Monako" "Leyptsig"ning YCHLdagi debyut o'yinidayoq ishtaxasini bo'g'ishga harakat qiladi.
"O'lim" guruhidagi har bir o'yin haqiqiy jangga aylanishi aniq.


Ko'pchilik nazdidagi "o'lim" guruhi deya takidlanayotgan "H" "kvarteti"da: "Totenxem", "Borussiya" Dortmund, "Real" hamda APOEL joy olgan.

Amaldagi chempion - "Real", madridliklarning YCHLdagi eng noqulay raqiblaridan biri - Dortmund, APLda misoli "sher" ko'rinadigan, YCHLda esa "quyon"ni rasmini chizishga ko'nikib qolgan Pochchettinoning "Tottenxem" jamoalari guruhda ikkita yo'llanma uchun kurashishadi. APOELga hurmatni saqlagan holda shuni aytish mumkinki, kiprliklar shunchaki ochko ulashuvchi jamoaga aylanib qolmaslik uchun tish-tirnoqlari bilan kurashishadi. Amalda esa buni bajarish juda qiyin. APOEL nafaqat guruhdan chiqish, balki Yevropa ligasidagi ishtirokni davom ettiruvchi 3-o'rinni olishda ham katta muammolarga duch keladi.
Jorj Donis futbolda mo'jizalar ruy berishi mumkinligini isbotlash uchun harakat qiladi. Ushbu murabbiyning jamoasi uchun har bir o'yin deyarli finalga teng.
Dastlabki final esa bugun, Madridda "Real"ga qarshi kechadi.
Zizu jamoasi chempionatdagi so'nggi muvaffaqiyatsiz uchrashuvlar uchun muxlislar oldida o'zlarini oqlash uchun ham katta kuch bilan o'ynashi va ularga g'alabani taqdim etishga urinishlari aniq.


Angliyada esa haqiqiy teatr ko'ramiz. Pochettino nihoyat YCHLda ham jiddiy qiyofadagi jamoani tayyorlay olganini isbotlashi lozim. O'tgan yili jamoa YCHLda o'z nomiga munosib harakat qila olmagandi. Bu yili esa guruhdagi raqiblar ancha nomdor va kuchli. SSKA va "Bayer" singari jamoalarga guruhda raqobatni vujudga keltira olmagan "taqachilar", "Real" yoki "Borussiya" bilan bo'ladigan kurashda yo'qolib qolmasliklariga hech kim kafolat bermaydi.

Peter Bosh esa o'tgan mavsumda "Ayaks" bilan Yevropa ligasida yaxshi parvoz qilgandi. Bu gal endi uni yanada kuchliroq jamoa bilan jiddiy musobaqadagi imtihon kutmoqda.


YCHL, 1-tur.


"E" guruhi
"Liverpul" - "Sevilya"
"Maribor" - "Spartak"

"F" guruhi
"Feyenoord" - "Manchester Siti"
"Shaxtyor" - "Napoli"

"G" guruhi
"Portu" - "Beshiktosh"
"Leyptsig" - "Monako"

"H" guruhi
"Real" - "APOEL"
"Tottenxem" - "Borussiya" D

Barcha uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan 23:45da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia