
O'shanda ushbu terma jamoaga yoshlar bilan ishlash bo'yicha katta tajribaga ega bo'lgan mutaxassis – Aleksey Evstafeev bosh murabbiy etib tayinlangan edi.
Terma jamoa fevraldan boshlab deyarli har oy o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil etdi, o'ndan ortiq nazorat uchrashuvlarida ishtirok etdi, ushbu uchrashuvlardan beshtasi boshqa mamlakatlarning yoshlar terma jamoalariga qarshi o'tkazildi. Bugun U-19 terma jamoasi safida Qatarda, bo'lajak saralash bahslarida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko'rayotgan 23 futbolchidan 8 nafari O'zbekiston Birinchiligida ishtirok etuvchi klublar (Yangier, Mashal, Andijon, Chust-Paxtakor, Alanga, Spartak)da to'p sursa, yana bittasi Rossiyaning Rubin jamoasida o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Qolgan barcha futbolchilar Oliy Ligada ishtirok etuvchi Bunyodkor, Paxtakor, Buxoro, Nasaf klublari vakillaridir.
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasining aksariyat a'zolari uchun Qatardagi Nepal, Hindiston, Turkmaniston va Qatarga qarshi bo'lajak bahslar xalqaro maydondagi ilk rasmiy o'yinlar bo'ladi. O'z navbatida, terma jamoa safida xalqaro musobaqalarda toblanib ulgurgan bir qator futbolchilar ham bor. Jumladan, yarim himoyachi Bobur Davlatov va hujumchi Zabihillo O'rinboev 2010 yili Toshkentda o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatidayoq nom chiqarib ulgurishgan edi. Osiyo vice-chempioni sifatida keyinchalik Meksikada tashkil etilgan 2011 yilgi o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati bahslarida ham ishtirok etgan har ikkala futbolchi O'zbekiston termasining jahonning eng kuchli sakkiz termasi qatoriga kirishiga munosib qo'shdi.
Zabihillo O'rinboev, shunigdek, 2012 yilgi yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida yarim finalgacha, 2013 yilgi yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati bahslarida esa chorak finalgacha yetib borgan. Qo'shimcha sifatida, O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning o'g'li – Mijamol Qosimov ham O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Quyida Aleksey Evstafeev qo'l ostidagi O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasining 2013 yildagi, saralashgacha bo'lgan faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Fevral
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasining ilk yig'ini 2-8 fevral kunlari o'tkazildi. Unda Aleksey Evstafeev boshchiligidagi murabbiylar shtabi, ikki guruhga ajratgan holda, jami 50 nafar futbolchini ko'rikdan o'tkazdi.
Aprel
Terma jamoa ilk xorijiy yig'inini BAAda o'tkazdi. Aleksey Evstafeev shogirdlari ushbu mamlakatda tashkil etilgan Emirates Cup musobaqasida ishtirok etib, BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni U-19 yoshlar terma jamoalariga qarshi maydonga tushdi. Barcha uchrashuvlarda o'zbekistonlik futbolchilar imkoniyatni boy berishdi. Terma jamoa musobaqaga jo'nab ketish arafasida Toshkentda Bunyodkor-2ga qarshi o'tkazilgan uchrashuvda ham mag'lubiyatga uchragan edi.
5 aprel. O'zbekiston U-19 – Bunyodkor-2 1:2.
Gol: Asliddin Abdiev.
9 aprel. BAA U-19 – O'zbekiston U-19 4:1.
Gol: Asliddin Abdiev.
11 aprel. Qatar U-19 – O'zbekiston U-19 1:0.
13 aprel. Saudiya Arabistoni U-19 – O'zbekiston U-19 2:1.
Gol: Andrey Sidorov.
May
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 12-17 may kunlari Toshkentda 23 futbolchi bilan o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazdi. Yig'in doirasida Lokomotiv-2 va Dilshod Nuraliev qo'l ostidagi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga qarshi nazorat o'yinlari o'tkazildi. Har ikkala o'yinda ham imkoniyat boy berildi.
14 may. Lokomotiv-2 – O'zbekiston U-19 4:3.
Gol: Andrey Sidorov, Igor Rogovanov (2ta).
17 may. O'zbekiston U-17 – O'zbekiston U-19 1:0.
Iyul
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasining navbatdagi yig'ini 16-21 iyul kunlari Toshkentda o'tkazildi. Jami 25 nafar futbolchi ishtirok etgan o'quv-mashg'ulot yig'ini doirasida Paxtakor yoshlar jamoasiga qarshi bitta nazorat o'yini o'tkazildi. Igor Rogovanov va Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan ikki javobsiz gol terma jamoaga mavsumdagi ilk g'alabani keltirdi.
20 iyul. O'zbekiston U-19 – Paxtakor-2 2:0.
Gollar: Igor Rogovanov, Eldor Shomurodov.
Avgust
Terma jamoaning avgustdagi o'quv-mashg'ulot yig'inlari Toshkent viloyatining Dukent shaharchasida tashkil etildi. 2-13 avgust kunlari davomida Aleksey Evstafeev shogirdlari O'zbekiston Birinchiligida ishtirok etayotgan Andijon jamoasiga qarshi, shuningdek, Olmaliqning yoshlar jamoasiga qarshi jami uchta o'yin o'tkazishdi. Olmaliq o'rinbosarlariga qarshi dastlabki o'yinda 1995 yilda tug'ilgan yoshlar terma jamoasi juda yirik – 8:1 hisobida g'alaba qozondi.
7 avgust. O'zbekiston U-19 – Andijon 1:1.
Gol: Abbos Otaxonov.
10 avgust. O'zbekiston U-19 – Olmaliq-2 8:1.
Gollar: Igor Rogovanov (4ta), Maqsud Mahmudov (2ta), Durbek Kamolov, Andrey Sidorov.
12 avgust. O'zbekiston U-19 – Olmaliq-2 4:1.
Gollar: Asliddin Abdiev, Eldor Shomurodov, Mirjamol Qosimov, Javohir Sohibov.
Sentyabr
Osiyo chempionati saralash bahslariga tayyorgarlik doirasidagi so'nggi katta yig'in 3-9 sentyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etildi. Yig'in doirasida Toshkentda mehmon bo'lgan Yaponiya yoshlar terma jamoasiga qarshi ikkita nazorat o'yini o'tkazildi. 5 sentyabr kuni o'tkazilgan dastlabki o'yinda yaponlar 3:2 hisobida g'alaba qozonishgan bo'lsa, uch kundan so'ng o'tkazilgan bahsda 2:2 hisobida durang natija qayd etildi.
5 sentyabr. O'zbekiston U-19 – Yaponiya U-19 2:3.
Gollar: Igor Rogovanov (2ta).
8 sentyabr. O'zbekiston U-19 – Yaponiya U-19 2:2.
Gollar: Andrey Sidorov, Maqsudjon Mahmudov.