O'zbekiston Chempionati va Kubogi bahslari uchun akkreditatsiya jarayoni boshlandi

Narzulla Saydullayev
12 fev 2014, 12:47
O'zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati 2014 yilgi O'zbekiston chempionati va Kubogi o'yinlari uchun ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish jarayonini boshlanganini e'lon qiladi.

2014 yilgi O'zbekiston Chempionati bahslari 15 mart, shanba kuni start olsa, 7 sentyabr kuni O'zbekiston Superkubogi bahsi o'tkaziladi. 2014 yilgi mavsumning birinchi yarmi to'liq taqvimi bilan bu yerda tanishish mumkin.

O'zbekiston Chempionati va Kubogi bahslarini stadiondan turib yoritishni maqsad qilgan OAV xodimlari 2014 yilning 13-25 fevral sanalari oralig'ida akkreditatsiya zayavkasini O'zPFL matbuot xizmati elektron pochtasiga (media@the-uff.com) jo'natishlari kerak. Akkreditatsiya zayavkasi namunasi va talablari bilan O'zPFL rasmiy saytining Hujjatlar bo'limidagi Akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi faylini ko'chirib olish orqali tanishish mumkin.

Ma'lumot o'rnida, 2013 yildan O'zPFL Matbuot xizmati tomonidan Akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi ishlab chiqilgan bo'lib, unda jurnalistlarga akkreditatsiya berishda ular ishlaydigan OAVning muhimlik darajalari belgilab chiqilgan. Jumladan, O'zbekiston qonunchiligiga asosan ro'yxatdan o'tgan va kundalik tashrif buyuruvchilari soni 5000dan ortiq bo'lgan sportga ixtisoslashgan internet-nashrlarining muhimlik darajasi nisbatan yuqori hisoblanadi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz