Osiyo chempionati (U22). Guruhdagi raqiblarimizdan yangiliklar

Narzulla Saydullayev
11 dek 2013, 20:00
Yanvar oyida Ummonda yoshlar o'rtasidagi (U22) Osiyo chempionati bo'lib o'tadi.
Guruhda O'zbekiston bilan birga Xitoy, Iroq va Saudiya Arabistoni jamoalari ishtirok etadi.

Raqiblarimiz 2013 yil bir qator uchrashuvlarda ishtirok etishdi. E'tiborlisi, ular aynan Ummondagi chempionatga alohida tayyorgarlik olib borishgani e'tiborga molik. Jumladan, Xitoy terma jamoasi sharqiy Osiyo o'yinlarida qatnashdi. Xitoyda o'tgan turnirda mezbonlar ishqibozlarning hafsalasini pir qilgan holda 4 uchrashuvda 1 ochko to'plashdi xolos. Janubiy Koreyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan xitoyliklar Gonkongni enga olishmadi, 0:0. Yaponiyadan 0:2, KXDRdan 0:3 hisoblarida mag'lubiyatga uchrashdi. Musobaqa oktyabr oyi o'rtalarida bo'lib o'tdi. Lekin tarkib qanday bo'lishi to'g'risida biror ma'lumot tarqatilmagan. Oxirgi yillarda Xitoy yoshlar futbolida ijobiy natijalarga erisha olmayotganini inobatga olsak, bu jamoa unchalik kuchlidek ko'rinmasligi mumkin. Biroq biz raqiblardan 2 yosh kichik futbolchilar bilan qatnashamiz, bu esa baribir ishimizni qiyinlashtiradi.

Yoshlar terma jamoasining salohiyati yuqori ekanligini namoyish qilgan Iroq o'sha tarkibdagi iqtidorlardan foydalanishi mantiqliroq bo'lsa kerak. Hadi Mutanash boshchilik qilayotgan olimpiya terma jamoasida o'ynashi mumkin bo'lgan futbolchilar borligini Turkiyadagi mundialda kuzatgandik. Olimpiya terma jamoasi yil mobaynida turnirga puxta tayyorgarlik ko'rishga intildi. Iyul oyida Bahrayn bilan ikki marta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazgan iroqliklar 2:0 va 0:0 hisoblarini qayd etishdi. Sentyabr oyida esa Indoneziyada bo'lib o'tgan “Islom birodarligi” o'yinlarida ishtirok etdi. Unda Turkiya, Suriya va Saudiya Arabistoni bilan o'yinlar o'tkazildi. Dekabr oxirida Qatarda G'arbiy Osiyo chempionati start oladi. Unda Iroq bir guruhda Ummon va Bahrayn bilan maydonga tushadi. Demak, Osiyo chempionati arafasida Hadi Mutanash shogirdlari yanada yaxshi formaga kirib olish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Jamoa yetakchilari sifatida
Mustafo Nadhim, Amjad Volid, Amjad Kalafni keltirib o'tish mumkin. Lekin jamoaning yakuniy tarkibi e'lon qilinishiga hali ancha bor.

Iroq – Bahrayn – 2:0
Gollar:
Bosim Ali, Muhammad Saad.

Iroq – Bahrayn – 0:0


Iroq – Turkiya – 2:3

Gollar: Amjad Kalaf 13, Luay Saloh 68.

Iroq – Suriya – 0:0

Iroq – Saudiya Arabistoni – 2:2
Gollar:
Amjad Volid 48, Ahmad Kalaf 54.

Saudiya Arabistoni terma jamoasi ham bir qator bellashuvlarda qatnashdi. “Islom birodarligi” o'yinlarida jamoa 5 uchrashuvda maydonga tushdi. Ularda Suriya, Turkiya, Iroq, Marokash va Turkiyaga qarshi o'ynagan saudiyaliklar biror bellashuvda g'alabaga erisha olishmadi, lekin yakunda 4-pog'onadan joy olishdi. Dekabr oyida Qatarda bo'lib o'tadigan G'arbiy Osiyo chempionatida guruhda Qatar va Falastin bilan o'yinlar belgilangan. Demak, xuddi Iroq singari Saudiya Arabistoni ham Osiyo chempionati arafasida yana bir rasmiy musobaqada qatnashadi. Bu esa tayyorgarlik yaxshi bo'lishiga yordam berishi, shubhasiz.

Saudiya Arabistoni - Suriya - 1:1
Saudiya Arabistoni – Turkiya - 1:1
Saudiya Arabistoni – Iroq - 2:2
Saudiya Arabistoni - Marokash - 0:1
Saudiya Arabistoni – Turkiya - 1:2

Saudiyaliklarning Ummondagi musobaqada ishtirok etishi mumkin bo'lgan tarkibi e'lon qilingan. Lekin ular safida hali o'zgarishlar bo'lib qolishi ehtimoldan holi emas. Jamoa tarkibi 1991-93 yillarda tug'ilgan futbolchilardan iborat. Ularning deyarli barchasi milliy chempionat va xorij klublarida asosiy tarkib o'yinchilari sanaladi.

Darvozabonlar
1. Abdulloh Al Sdayri   Al Hilol
16. Favaz Al Qarni        Al Ittihod
21. Favaz Al Xaybari    Al Ittihod

Himoyachilar
2. Saloh Qumayzi          Al Shabab
3. Muhammad Barnavi   Al Ahli
4. Muhammad Fatil       Al Ahli
5. Abdulloh Hafiz       Leyriya, Portugaliya
6. Ali Al Zubaydi        Al Ittifoq
13. Yosir Al Shahroni   Al Qodisiya
18. Motaz Havsavi       Al Ahli

Yarim himoyachilar
8. Abdulaziz Azmi           Nasr
10. Abdulloh Nassar      Al Nasr
11. Ibrohim Ibrohim   Gabela, Bosniya va Gertsegovina
12. Maan Xodari             Al Ittihod
14. Abdulloh Otaif      Al Shabab
15. Mustafo Bassas      Al Ahli
20. Yosir Fahmi              Al Ahli

Hujumchilar
7. Yahyo Dag'riri                   Al Ittihod
9. Fahad Muvallad            Al Ittihod
17. Muhammad Majrashi    Al Ahli
19. Saloh Shahri               Beyra Mar, Portualiya

Terma jamoamiz 12 yanvar kuni Xitoy, 14 yanvarda Iroq va 16 yanvarda Saudiya Arabistoniga qargi bahslarda ishtirok etadi. Barcha o'yinlar Maskatga yaqin joylashgan Sib shahridagi “Sib” stadionida bo'lib o'tadi.

Behzod NAZAROV tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia