

"Neftchi"
O'zbekistonning amaldagi chempioni asosiy maqsadiga erishdi – jamoa o'tgan yilgi tarkib o'zagini saqlab qoldi. Klubni tark etgan futbolchilarning deyarli barchasi rotaciya yoki umuman maydonga kam tushgan o'yinchilar edi: G'ulom-Haydar G'ulomov, Shahzod Nematjonov, Asror Kenjaev, Bilol Toshmirzaev, Quvondiq Ro'ziev, Joel Kojo (ijara asosida to'p tepardi) va Silvanus Nimeli. Ularning har birining o'rnini bosish mumkin.
Yetakchilardan hech kim kyetmadi. Uning ustiga, ham to'g'ridan-to'g'ri "asosiy tarkib" uchun, ham yaqin kelajakni ko'zlab qiziqarli transferlar amalga oshirildi. Markazdagi xilma-xillikni oshirish uchun bungacha "Dinamo"da muvaffaqiyatli to'p tepgan Ratino jalb qilindi. Himoyaning o'ng qanotiga "Buxoro"dan Izzatilla Po'latov olib kelindi. Hujumni esa so'nggi 4 mavsum davomida OKMK sharafini himoya qilgan, Superliganing keyingi yillardagi eng yaxshi o'yinchilaridan biri – Xurshid G'iyosov kuchaytirishi lozim. Shuningdek, "Surxon"dan Asilbek Jumaevning transferi ham qiziqarli ko'rinmoqda. Balki aynan "Neftchi"da u yangi darajaga chiqa olar. Hujum markaziga esa Xorvatiya, Niderlandiya, Italiya, Belgiya, Angliya (Chempionship) va Ruminiya chempionatlarida o'ynash tajribasiga ega bo'lgan xorvatiyalik Stipe Perica taklif qilindi.
Yaqin kelajakni ko'zlab Mo'minxon Bahodirxonov va Ibrohim Shokirov olindi – ularning imkoniyatlari "Neftchi"ning yangi bosh murabbiyi Islom Ismoilovga juda yaxshi tanish (murabbiy ular bilan O'zbekiston U-17 terma jamoasida birga ishlagan). Shuningdek, O'zbekiston U-20 terma jamoasidan Rustambek Fomin va Daler To'xsanovlar ham tarkibga jalb etildi. Katta ehtimol bilan, ularni "Neftchi"dagi kelajakda kutilayotgan "qayta qurish" jarayoniga tayyorlash maqsadida asta-sekin asosiy tarkibga yaqinlashtirib borishadi.

"Paxtakor"
O'tgan yilgi kumush medal sohiblari tarkibida sezilarli o'zgarishlar yuz berdi. Oybek Bozorov va Sherzod Nasrullaevning transferlarini takidlash joiz. Ikkala futbolchi ham uzoq vaqt davomida o'zlarining qadrdon klubi sanalmish "Nasaf"da o'ynab kelishayotgandi. Shuningdek, BAAda ishlari unchalik yurishmagan yana bir sobiq "nasafchi" – Akmal Mozgovoy ham safga qo'shildi. Ijara asosida "Andijon" va "Surxon"da muvaffaqiyatli harakat qilgan Rustam Turdimurodov "Paxtakor"ga qaytdi. Zaxira uchun tajribali va yaxshi tanish bo'lgan Sanjar Quvvatov olib kelindi, u katta ehtimol bilan Vladimir Nazarovdan keyingi "ikkinchi raqamli" darvozabon bo'ladi.
Igor Sergeev va Brayan Riaskos ketganidan so'ng, "Paxtakor" deyarli nominal hujumchilarsiz qolgan edi. Yuqorida tilga olingan Turdimurodovdan boshqa hech kim yo'q edi. Shu sababli, qishki transfer oynasi yopilishiga oz vaqt qolganda "sherlar" 32 yoshli polshalik Pyotr Parjishekni o'z safiga qo'shib olishdi. O'zbekistonga kelguniga qadar Pyotr juda sermazmun kareraga ega bo'lgan: u Niderlandiya, Angliya (Chempionship), Belgiya, Daniya, Polsha, Italiya (V Seriyasi), Ispaniya (Segunda) va Finlyandiya chempionatlarida to'p tepishga ulgurgan.
"Paxtakor"ni tark etganlarga kelsak, yuqorida nomlari tilga olingan Sergeev va Riaskosdan tashqari Umar Adhamzoda, Diyor Xolmatov, Jonatan Luis, Nikita Shevchenko, Bobur Abdixoliqov, Saidumarxon Saidnurullaev (ijaraga), Behruz Asqarov (ijaraga) jamoa bilan xayrlashdi. So'nggi yillarda ulardan faqat ikkitasi – Adhamzoda va Xolmatov asosiy tarkib o'yinchilari bo'lishgan edi. Qolganlarning ketishi "Paxtakor"ga jiddiy ta’sir qilishi dargumon.

"Nasaf"
"Ajdarlar" transfer oynasida unchalik faol bo'lishmadi. Bunga "O'zbekneftgaz"ning uchta klubni, jumladan "Nasaf"ni ham moliyalashtirishni to'xtatish haqidagi kutilmagan qarori o'z ta’sirini o'tkazdi.
O'tgan yilning oxiridayoq qarshiliklar OKMKdan Oybek Rustamovni o'z safiga qo'shib olishi ma'lum bo'lgandi. U bilan birga Olmaliqdan Akrom Komilov ham keldi va u jamoani tark etgan Sherzod Nasrullaevning o'rnini bosishi kutilmoqda. Bobir Abdixoliqov yana "Nasaf"da paydo bo'ldi. U klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va o'z qadrdon jamoasiga ikkinchi bor qaytmoqda: 2024 yilgi mavsum starti oldidan u "Ordabasi"dan o'tgan bo'lsa, endi "Paxtakor"dan keldi. Shuningdek, O'zbekiston U-20 va U-23 terma jamoalari darvozaboni Samandar Murodboev bilan shartnoma imzolandi. Ehtimol, keyinchalik aynan u Abduvohid Ne'matovga o'rinbosar bo'lar.
"O'zbekneftgaz" "Nasaf"ni moliyalashtirishni rad etgach, klub ish haqi qaydnomasiga katta yuk bo'layotgan yetakchilarini qo'yib yuborishi mumkinligi ma'lum bo'ldi. Abduvohid Ne'matov va Zafarmurod Abdirahmatovning ketishi haqida mish-mishlar yurdi. Yakunda ularning har ikkisi "Nasaf"da qoldi (kamida yozgacha). Biroq, o'tgan mavsumda jamoaning eng yaxshi to'purari bo'lgan Husain Norchaev (38 o'yinda 18 ta gol) jamoani tark etdi. Shuningdek, "Nasaf"dan quyidagilar ketdi: Igor Golban, Dragan Cheran, Suhrob Nurullaev, Javohir Siddiqov, Shuhrat Muhammadiev hamda yuqorida tilga olingan Oybek Bozorov va Sherzod Nasrullaev.
Katta ehtimol bilan, bo'lajak mavsum "Nasaf" uchun "o'tish davri" bo'ladi. Qarshi klubi yoshlarni tarbiyalashni a'lo darajada uddalaydi, “O'zbekneftgaz” ketganidan so'ng esa bu yanada dolzarblashdi. "Nasaf" tarkibida shundoq ham yosh iqtidorlar bor. 2025 yilgi mavsumni juda ishonchli o'tkazib, O'zbekiston terma jamoasidan chaqiruv olishga loyiq ko'rilgan Sardor Bahromov hamda yaqinda "Sharja" darvozasiga g'alaba to'pini kiritgan Diyor Abdunazarov jular jumlasidan.

"Dinamo"
Samarqand klubi o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra kuchli uchlikka kirishga juda yaqin kelgan edi. Qayerdadir omad, qayerdadir esa tarkib kengligi va tajriba yetishmadi. Shu sababli "Dinamo" qishda jiddiy kuchaydi. Hujum chizig'iga "Buxoro"da o'zini yaxshi tomondan ko'rsata olgan Azizbek Amonov va so'nggi ikki mavsumda Superliganing eng yaxshi assistentlaridan biri bo'lgan "Andijon" vakili Bektemir Abdumannonov olib kelindi. Shuningdek, Nurillo To'xtasinov (so'nggi 2,5 yil davomida Malayziyada "Trenganu" safida o'ynagan) va "Bunyodkor"da to'p tepgan Rasul Yo'ldoshev bilan shartnoma imzolandi.
Legionerlar transferi esa alohida e'tiborga loyiq:
1) Draman Salu – 27 yoshli yarim himoyachi, Burkina-Faso terma jamoasi a'zosi, Serbiya, Ukraina, Belarus va Armaniston chempionatlarida o'ynash tajribasiga ega (so'nggi yarim yilni jamoasiz o'tkazgan);
2) Mauro Brazil – urugvaylik 26 yoshli markaziy himoyachi, o'z vatanida ko'plab klublar sharafini himoya qilgan, shuningdek, Meksika va Chilida to'p tepgan;
3) Mahamadu Dembele – fransiyalik 26 yoshli markaziy himoyachi, PSJ tarbiyalanuvchisi, Fransiya (2-liga), Avstriya (2-liga), Belgiya (Ikkinchi divizion), Niderlandiya va Albaniya chempionatlarida o'ynagan;
4) Salvador Sanches – argentinalik 30 yoshli markaziy himoyachi, o'z vatanida, shuningdek, Gretsiya, Litva va Chilida to'p tepgan;
5) Kingsli Sarfo – 31 yoshli tayanch yarim himoyachisi, Gana terma jamoasining sobiq a'zosi, Shvetsiya va Kiprda o'ynagan (rasmiy o'yinda so'nggi bor 2025 yilning aprel oyida maydonga tushgan);
6) Til Mavretich – sloveniyalik 28 yoshli yarim himoyachi, o'z vatanida va Estoniya chempionatida harakat qilgan.
"Dinamo"ni tark etganlardan birinchi navbatda Ratino, Aleksandr Kucherenko, Marko Stanoevich, Mahmud Mahamadjonov (u ijarada edi) va Dmitriy Pletnyovni takidlash joiz. Ularning ketishi jamoa o'yiniga ta’sir ko'rsatishi mumkin. Shuningdek, Maqsudxo'ja Aloxo'jaev, Richard Fraydey va Duglas Maykon ham jamoa bilan xayrlashdi.

"Bunyodkor"
"Bunyodkor" ham "Nasaf" singari "O'zbekneftgaz" tomonidan moliyalashtirishdan mahrum bo'ldi. Voqea mavsum boshlanishiga ikki hafta qolganda – jamoalar tarkibi qariyb 100 foizga shakllanib bo'lgan bir paytda yuz berdi. Bu holat mavsum davomida "Bunyodkor"ga qattiq ta’sir o'tkazishi mumkin.
Kecha klubni Dilshod Ahmadaliev tark etgani ma'lum bo'ldi. Yanvar oyining boshida u erkin agent sifatida OKMKdan o'tgan edi. Yakunda Ahmadaliev Olmaliqqa qaytdi. Katta ehtimol bilan, Ahmadaliev "Bunyodkor"dan shunchaki ketmagan – ehtimol, klubda qandaydir muammolar yuzaga kelgan.
Nima bo'lganda ham, qishki tanaffus vaqtida "Bunyodkor" sezilarli darajada o'zgardi. 2025 yilgi mavsumda "qaldirg'ochlar" yetakchilaridan biri bo'lgan Imeda Ashortiya jamoani tark etdi. Shuningdek, Temurxo'ja Abduxoliqov, Nikoloz Mali, Martin Shroller, Rasul Yo'ldoshev, Ollobergan Karimov, Tohir To'xtasinov va Valijon Rahimov ham klub bilan xayrlashdi.
Shu bilan birga, "Bunyodkor" tarkibni kuchaytirish uchun bir nechta qiziqarli transferlarni amalga oshirdi. "Neftchi"dan Bilolxon Toshmirzaev, "So'g'diyona"dan Samandar Mavlonqulov, "Dinamo"dan Dmitriy Pletnyov hamda avvalroq OKMK va "So'g'diyona"da to'p tepgan Sardor Rahmonov bilan shartnoma tuzildi. So'nggi olti yil davomida Belarus va Qozog'istonda o'ynagan Shahboz Umarov O'zbekistonga qaytdi. Shuningdek, "Paxtakor" tarbiyalanuvchisi, O'zbekiston U-17 terma jamoasida muvaffaqiyatli o'ynagan Muhammad Hakimovning transferini ham alohida takidlash joiz (u jamoadagi eng yosh o'yinchilardan biri edi – bor-yo'g'i 16 yoshda).

OKMK
OKMK ham "Nasaf" kabi qishki transfer oynasini juda kamtarrona o'tkazdi. Olmaliqliklar darvozabon Umid Ergashev (o'tgan mavsumda "Navbahor"da to'p tepgan), yarim himoyachi Hazratjon Tursunqulov ("Xorazm"), yarim himoyachi Rian Islamov ("Navbahor") va Urosh Koyich (Serbiya ikkinchi divizionining "Borac" klubi) bilan shartnoma imzolashdi. 2022 va 2023 yilgi mavsumlarda klub sharafini himoya qilgan Siyavash Haqnazariy OKMKga qaytdi. Eronlik yarim himoyachi shundan so'ng "Navbahor", Eronning "Nassaji" va Dushanbening "Istiqlol" klublarida o'ynashga ulgurgan edi.
O'tgan mavsumda jamoa yetakchilaridan biri bo'lgan Ruben Sanches OKMKni tark etdi. Ispaniyalik o'yinchi Tailandning "Buriram" klubiga o'tib, yangi jamoasi safida 10 ta o'yinda "3+2" natijasini qayd etishga ham ulgurdi. Shuningdek, yuqorida tilga olingan Xurshid G'iyosov va Oybek Rustamovlar ham OKMKdan ketishdi. Ularning yo'qotilishi olmaliqliklarning o'yiniga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin. Sanches, G'iyosov va Rustamovdan tashqari, OKMK bilan quyidagilar xayrlashdi: Ibrohim Yo'ldoshev, Humoyunshoh Sayyotov, Islom To'xtaxo'jaev, Akrom Komilov va Dilshod Yoqubov.

"Navbahor"
Namangan klubi qishki transfer oynasida juda faol bo'ldi. Hammasi jamoani Temur Kapadze o'z boshqaruviga olganidan boshlandi. O'zbekiston terma jamoasidan majburan ketgan Timur Tohirovichda yangi mavsumda o'zini ko'rsatish uchun katta motivaciya bo'lishi aniq. Kapadzening kelishi bilan "Navbahor" anchagina katta "qayta qurish"ni boshdan kechirdi. Jamoa safiga Temur Tohirovich “Olimpik”, olimpiya va O'zbekiston milliy terma jamoalaridagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo'lgan yosh o'yinchilar, shuningdek, tajribaliroq futbolchilar hamda qiziqarli legionerlar kelib qo'shildi.
Tartib bilan boshlaymiz – darvozabon poziciyasidan. O'zbekiston terma jamoasining JCH-2026 ga chiqishida katta rol o'ynagan O'tkir Yusupov "Navbahor"ga qaytdi. Oldinroq "Bunyodkor", "Andijon" va OKMKda to'p tepgan Valijon Rahimov "ikkinchi raqamli" darvozabon bo'lishi kutilmoqda.
Himoya markaziga Islom Mamatkazin ("Andijon"), Dilshod Komilov ("Qizilqum") va ikki nafar gruziyalik legioner – Anri Chichinadze hamda Giorgi Jgerenaya bilan shartnoma tuzildi. Chichinadze o'tgan mavsumni MFL (FNL)da o'tkazgan bo'lsa, 2025/2026 yilgi mavsumning birinchi yarmini RPL ishtirokchisi "Orenburg" safida o'tkazdi. Jgerenaya o'z vatanida to'p tepgan va o'z poziciyasida eng yaxshi o'yinchilardan biri bo'lgan. Himoyaning chap qanotiga "Paxtakor"dan Umar Adhamzoda olindi.
Maydon markaziga jarohatdan so'ng "Paxtakor"ning asosiy tarkibidagi o'rnini yo'qotgan, ammo Temur Kapadzega O'zbekiston U-23 terma jamoasidagi faoliyati orqali yaxshi tanish bo'lgan Diyor Xolmatov jalb etildi. Shuningdek, Shohruh Abdurahmonov va Quvondiq Ro'ziev bilan shartnoma tuzildi. Hujum qanotlariga kelsak, "Navbahor" Ruslanbek Jiyanov (u "Pari NN"dan ijaraga olingandi va 2025 yilgi mavsum yakunlangach, tekinga o'tdi), Aleks Fernandes ("Baltika"dan ijaraga olindi), Vanya Ilich (Serbiyaning "Radnichki Nish" klubidan 43 ming evro evaziga o'tdi) va Muhammadali Usmonov ("Andijon"dan tekinga) bilan to'ldirildi.
Hujum chizig'i Husayn Norchaev va Katulondi Katining transferlari hisobiga kuchaytirildi. Norchaev ham Kapadze bilan birga ishlagan, o'tgan mavsumda u "Nasaf" safida muvaffaqiyatli harakat qilgandi. Katulondi Kati – Kongo DRdan bo'lgan 26 yoshli hujumchi, so'nggi uch yil davomida u Marokashda "Xassaniya" safida o'ynagan (84 o'yin, 17 gol, 10 assist).
"Navbahor"ni tark etgan o'yinchilarga kelsak, ular orasida quyidagilar bor: Jamshid Boltaboev, Umid Ergashev, Azim Ahmedov, Igor Gabriel, Pedru Augusto, Rian Islamov, Gilerme Gedesh, Julio Sezar, Mirzohid G'ofurov, Komil Tojiddinov, Asadbek Jo'raboev va Doston Abdulhaev. Ro'yxat salmoqli, ammo "Navbahor" kimlar bilan shartnoma imzolaganini hisobga olsak, ishonch bilan aytish mumkinki: namanganliklar klubi qishki transfer oynasida kuchsizlanmadi – aksincha, sezilarli darajada kuchaydi.

Maqolaning Superligadagi qolgan klublar transferlari tahliliga bag'ishlangan ikkinchi qismi tez orada e'lon qilinadi.
Muallif: Nikolay Egorichev.



