Mustaqilligimizning 22 yilligiga bag'ishlanadi: O'zbekiston terma jamoasining barcha 22lari

Narzulla Saydullayev
1 sen 2013, 14:30
Bugun O'zbekiston Respublikasi mustaqil bo'lganiga 22 yil to'ldi.
Shu munoasbat bilan futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi tarixida aks etgan 22 raqamlarini yodingizga solamiz. 

O'zbekiston terma jamoasining 22-o'yini 1995 yil bo'lib o'tgan. Afro-Osiyo kubogi doirasida Nigeriyaga qarshi safarda o'tgan o'yin O'zbekiston uchun 22-o'yin bo'lib tarixda qolgan. Afsuski o'sha o'yinda Emmanuel Amunike urgan gol nigeriyaliklarga g'alaba keltirgan.

O'zbekiston terma jamoasining 22-goli 1994 yil Toshkentda urilgan. "Mustaqillik kubogi" doirasida Qirg'izistonga qarshi kechgan o'yin vakillarimizning 3:0 hisobidagi g'alabasi bilan tugagan. O'sha uchrashuvda Rustam Do'rmonov tomonidan urilgan ikkinchi gol 22-gol bo'lib qayd etilgan.

O'zbekiston terma jamoasining 22-raqibi Quvayt terma jamoasi bo'lgan. Bu jamoaga qarshi dastlabki o'yin 1998 yilgi Osiyo o'yinlari doirasida Tailandda bo'lib o'tgan. O'sha bahsda 3:3 hisobi qayd etilgan.

Jahon chempionatlari saralashlaridagi 22-o'yin 2001 yilda bo'lib o'tgan. Toshkentda Qatarni qabul qilgan O'zbekiston 2:1 hisobida zafar quchgan. Vakillarimizdan gollarni Jafar Irismetov va Mirjalol Qosimov urishgandi.

Jahon chempionatlari saralashlaridagi 22-gol esa 1997 yil Yaponiyada urilgan. Kunchiqar yurt vakillariga qarshi o'yinning 70-daqiqasida Andrey Fyodorov tomonidan penaltidan urilgan gol mundial saralashlaridagi 22-gol bo'lgan. Uchrashuvda yaponlar 6:3 hisobida zafar quchishgan.

1992-1997 yillarda terma jamoada faoliyat olib borgan Azamat Abduraimov O'zbekiston milliy terma jamoasi safida 22 marta maydonga tushgan.

Terma jamoa safida 22tadan ko'p golni faqat uchta futbolchi urishga erishgan. Maksim Shackix (34), Mirjalol Qosimov (31) va Aleksandr Geynrix (28).

Shackix 22-golini 2007 yilgi Osiyo kubogi doirasida Xitoy darvozasiga urgan, Qosimov esa 22-golini 2001 yil JCH-2002 saralashi doirasida Xitoy Taypei darvozasiga urgan (o'sha o'yindagi birinchi goli), Geynrixning urgan 22-goli Osiyo kubogi-2011 doirasida Janubiy Koreyaga qarshi o'yinda qayd etilgan (birinchi goli).

Oxirgi 22 esa Nikolay Shirshovga tegishli... Barcha tushundi deb o'ylaymiz.

Narzulla Saydullaev

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia