Mujtaba Husayni: "Bunyodkor"ning o'yinini o'rganib chiqdik"

Narzulla Saydullayev
12 mar 2017, 13:21
Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 turniri “S” guruhi 3-turidan o'rin olgan “Bunyodkor” – “Zob Ohan” uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida Eron klubi bosh murabbiyi Mujtaba Husayni va klub a'zosi Muhammad Nujad Mehmed o'z fikrlarini aytib o'tdi.

“OCHL turnirining dastlabki 2 o'yinida qayd etilgan natijalar “Bunyodkor” va “Zob Ohan” uchun bo'lajak uchrashuvning qanchalik muhimligini bildirib turibdi. Shuning uchun ertaga ikkala jamoa ham ijobiy natija uchun maydonga tushadi. “Bunyodkor” o'yinini o'rganib chiqdik. Ularning aynan qaysidir chizig'ini alohida ajrata olmayman, ularda jamoaviy o'yin yaxshi shakllangan. Lekin Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov va Vadim Chemirtan kabi futbolchilarni alohida ta'kidlab o'tish mumkin.

Biz dastlabki ikki turda atigi 1 ochko jamg'ardik, ammo bundan tushkunlikka tushmaymiz. Qolgan uchrashuvlarda vaziyatni o'nglashga harakat qilamiz. Tarkibimizda bitta futbolchi maydonga tusha olmaydi. Biz o'zbek klublariga qarshi ko'p o'ynaganmiz. Lekin ular ortda qoldi va har bir bahs tarixda qoladi. Biroq ularga qarshi oldingi o'yiinlarda to'plagan tajribamiz ertaga yordam beradi, deb umid qilaman”, – dedi “Zob Ohan” bosh murabbiyi.   

“Ertaga har ikki jamoa g'alaba uchun maydonga tushadi. Shuning uchun ertaga yaxshi va o'z navbatida qiyin o'yin bo'lishi aniq”, – dedi Muhammad Nujad Mehmed.

Eslatib o'tamiz, “Bunyodkor” – “Zob Ohan” bellashuvi ertaga, 13 mart kuni bo'lib o'tadi. Uchrashuv Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida soat 18:00 da boshlanadi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com