

Dasturga ko'ra, milliy terma jamoa a'zolari 17–23 iyul kunlari xorijda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazadi. Yig'in doirasida 2 ta nazorat o'yinini o'tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yig'inda yangi futbolchilarni sinovdan o'tkazish masalasi ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga kiritilgan.
Milliy termaning keyingi yig'ini avgustning oxirgi o'n kunligida boshlanadi. Terma jamoa a'zolari 20 avgustdan e'tiboran yig'inga kiradi. 24 yoki 25 avgustda Toshkentda o'rtoqlik uchrashuvini tashkil qilish ko'zda tutilgan. Ayni paytda O'zbekiston Futbol Federatsiyasi Janubi-sharqiy Osiyo jamoalari bilan o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish borasida muzokaralar olib bormoqda.
31 avgust kuni Vuxan shahrida Xitoy termasiga qarshi bo'lib o'tadigan JCH–2018 saralash o'yiniga O'zbekiston terma jamoasi 28 avgustda jo'nab ketishni rejalashtirayapti. Delegaciya Xitoy bilan o'yinni tugatiboq 1 sentyabr kuni kechasi Toshkentga qaytib keladi va 5 sentyabrdagi Janubiy Koreya bilan o'yinga tayyorgarlik ko'radi.




