Marat Miftaxuddinov: "Rejamiz ish berdi"

Aslanov Jasurbek
26 yanv 2021
"Hokim Kubogi"ning 2-turidan o'rin olgan "Bunyodkor" - "Turon-2" (3:2) uchrashuvidan keyin "qaldirg'ochlar" murabbiyi Marat Miftaxuddinov fikrlarini bildirib o'tdi.

"Taxmin qilganimdek bo'ldi. Turon bugun aralash tarkibning xizmatidan foydalandi. Bunga tayyor edim. Rejaga ko'ra, birinchi bo'limda yosh o'yinchilarni maydonga tushirib, ikkinchi taymda tajribali futbolchilar hisobiga o'yinni kuchaytirmoqchi edim. Hammasi reja asosida ketdi. Darvozabonimizning xatosini inobatga olinmasa tanaffusga g'olib bo'lib yo'l olishimiz kerak edi, ammo bo'limni mag'lub holda yakunladik. Zaxiradan maydonga tushgan tajribali futbolchilar jamoamiz o'yinini kuchaytira oldi va irodali g'alabani qo'lga kiritdik. Bugun qaysidir manoda taktik futbolga guvoh bo'ldik.

Kecha aytganimdek, biz musobaqa orqali yangi mavsumga ham tayyorgarlik ko'ryapmiz. Albatta murabbiy sifatida kubokni qo'lga kiritishni istayman, biroq Superligani ham unutmaslik zarur. Shuning uchun Farg'onaga kelganimizdan beri futbolchilarga dam berayotganimiz yo'q. Xususan, ertaga ham ikki mahal mashg'ulot o'tkazamiz. Bu orqali albatta yigitlarga og'ir yuklamalar beramiz. Shuning uchun uchrashuv davomida futbolchilarning harakatida og'irlik sezilishi mumkin. Buni to'g'ri qabul qilish kerak",- deydi Marat Miftaxuddinov. 


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Бунёдкор" матбуот хизмати